add

So‘m dollarga nisbatan mustahkamlanmoqda: buning asosiy omillari nimalar?

25.08.2025 | 16:3030764

So‘m to‘rtta savdo sessiyasi davomida dollarga nisbatan 1,2 foizga mustahkamlandi. Bunday tendensiya fonida ichki va tashqi iqtisodiy omillar o‘zaro ta’sir ko‘rsatmoqda. Mutaxassislar fikriga ko‘ra, bu jarayonda ko‘proq mahalliy omillar hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘la boshlagan.

So‘m dollarga nisbatan mustahkamlanmoqda: buning asosiy omillari nimalar?
So‘m ketma-ketma 4 ta sessiyadan buyon dollarga nisbatan mustahkamlanmoqda. Xususan, ertangi prognoz bilan so‘nggi to‘rtta sessiyada so‘m dollarga nisbatan 1,2 foizga mustahkamlangan. Xo‘sh, bu tendensiya qaysi omillar bilan izohlanadi? Global faktorlarni ta’sirini dollar indeksi hamda rubl kursidagi o‘zgarishlar orqali baholash mumkin (o‘rtacha kurs). Xususan, so‘nggi 10 ta sessiyada dollar indeksi 0,7 foizga qadrsizlangan. Rubl esa 0,3 foizga mustahkamlangan. Ya’ni bu tendensiya so‘mning mustahkamlanishiga kechikish bilan (lag) ta’sir qilayotgan bo‘lishi mumkin, deb yozmoqda iqtisodchi Mirkomil Xolboyev. Markaziy bank valyutalari orasida so‘m so‘nggi 5 kun ichida faqat Argentina pesosiga nisbatan qadrsizlangan, qolgan barcha valyutaga nisbatan mustahkamlanishda davom etgan. Jumladan, dollarga nisbatan 0,7 foizga, yevro — 0,9 foiz, frank — 0,8 foiz, iyena — 1 foiz. Shuningdek, asosiy hamkorlar — rubl (1,3 foiz), yuan (0,7 foiz), tanga (0,3 foiz), turk lirasi (1,1 foiz) bo‘yicha ham ijobiy sur’at saqlanmoqda. Bu tendensiyaning asosiy ichki drayverlaridan biri — oltin eksporti. Iyul oyida O‘zbekiston 1,1 mlrd dollarlik oltin sotgan bo‘lib, yil boshidan beri eksport hajmi 7,7 mlrd dollarga yetdi. Bu orqali ichki bozorda valyuta taklifi oshib, so‘m mustahkamlanishiga turtki berdi. Pul o‘tkazmalari ham hali ham yuqori. Ikkinchi chorakda ular 4,8 mlrd dollarga yetdi va bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 21,4 foiz o‘sish demakdir. Aholi o‘rtasida xorijiy valyuta jamg‘armalarini so‘mga almashtirish tendensiyasi ham vaqtinchalik bo‘lsa-da, kursga ta’sir qilmoqda. Umuman olganda, so‘nggi kunlarda valyuta kursi o‘zgarishiga ko‘proq ichki va iqtisodiyotimizga xos omillar  ko‘proq ta’sir o‘tkazayotgandek, ayni shu sabab so‘mning (qariyb) barcha valyutalarga nisbatan mustahkamlanishi kuzatilmoqda, deb yozadi iqtisodchi.

Teglar

Mavzuga oid