
So‘m mustahkamlanishiga qaramay, import go‘sht narxi oshib bormoqda
24.06.2025 | 19:4527913
So‘mning dollarga nisbatan mustahkamlanayotganiga qaramay, import go‘sht narxi so‘nggi haftalarda oshishda davom etmoqda.

So‘nggi haftalarda O‘zbekiston milliy valyutasi — so‘m AQSH dollariga nisbatan mustahkamlanishni boshladi. Ammo bu holat mamlakatga olib kirilayotgan tovarlar narxiga sezilarli ta’sir ko‘rsatmayapti.
Jumladan, ayrim asosiy mahsulotlar, xususan import go‘sht narxlarida teskari jarayon kuzatilmoqda. Iqtisodiy kuzatuvlarga ko‘ra, import go‘sht narxi ortib bormoqda.
5 iyundan 24 iyungacha bo‘lgan davrda sovutilgan import mol go‘shtining bir kilosi 85 ming so‘mdan 88 ming so‘mgacha, ya’ni taxminan 3,5 foizga qimmatlashgan. Shuningdek, sovutilgan qo‘y go‘shti narxi 96 ming so‘mdan 103 ming so‘mgacha ko‘tarilib, 7,3 foizlik o‘sish qayd etilgan.
Bu vaqt mobaynida so‘m dollarga nisbatan taxminan 3,3 foizga mustahkamlangan bo‘lsa-da, bu o‘zgarish go‘sht narxlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatmagan. Aksincha, go‘sht narxining oshib borishi xaridorlar uchun qo‘shimcha moliyaviy yuk bo‘lib qolmoqda.
Mutasaddilar so‘m mustahkamlanishining tovar narxlariga ta’sir qilishi uchun ma’lum vaqt talab etilishini ta’kidlamoqda. Ammo ayrim ekspertlar narx oshishida tashqi bozordagi talab va logistika xarajatlarining yuqoriligini asosiy omil sifatida ko‘rsatmoqda.





