
So‘mni yoqib sigaret tutatgan xitoyliklar jazolandi
Ularga nisbatan Jinoyat ishlari bo‘yicha Sirdaryo tuman sudida sud hukmi o‘qildi.

Sirdaryo viloyatida o‘zbek so‘mini yoqib, undan sigaret tutatish uchun foydalangan Xitoy Xalq Respublikasi fuqarolariga nisbatan sud hukmi o‘qildi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shohruh G‘iyosov xabar berdi.
Qayd etilishicha, Sirdaryo viloyati Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor surishtiruv ishlari natijasida so‘mni yoqib, tamaki tutatgan xorijlik ishchilarning shaxsi aniqlangan. Ularga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 184-3-moddasiga asosan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Sirdaryo tuman sudi mazkur ishni ko‘rib chiqib, e’lon qilgan qarorga ko‘ra, aybdor shaxslarning har biriga bazaviy hisoblash miqdorining 100 barobari (41 mln 200 ming so‘m) miqdorda jarima jazosi tayinlangan.
«23-dekabr sanasida O‘zbekiston valyutasini olib yoqdik. Men bu qilgan ishimni noto‘g‘riligini anglab yetdim. Butun O‘zbekiston xalqidan uzr so‘rayman. Qilgan ishimdan pushayman», - degan xitoylik.
Ish beruvchi kompaniya mazkur voqeadan so‘ng xorijlik ishchilar bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bir tomonlama bekor qilgan.





