
So‘nggi besh yilda O‘zbekiston startap bozori 13 barobar o‘sgan
15.10.2025 | 13:3026394
O‘zbekiston o‘sish sur’ati bo‘yicha hatto Kremniy vodiysini ham ortda qoldirdi. Mamlakatning startap-ekosistemasi qiymati esa 3,9 milliard dollarni tashkil etmoqda.

Xalqaro Dealroom.co platformasi ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi besh yil ichida O‘zbekiston startap-ekosistemasi qiymati 13 barobar oshib, 3,9 milliard dollarga yetgan. Bu ko‘rsatkich Turkiya, Litva, Hindiston va Kremniy vodiysi kabi mamlakatlardan yuqori o‘sish dinamikasini namoyon etdi. Mamlakat jahondagi eng tez rivojlanayotgan startap bozorlaridan biri sifatida qayd etilmoqda.
bugungi kunda O‘zbekistonda turli bosqichdagi texnologiya kompaniyalar tizimi shakllanmoqda — yangi startaplardan tortib milliard dollarlik yirik kompaniyalargacha. Ular orasida Datatruck, Push30, Delever, TASS Vision, Sales Doctor, FinQ, zip24 va Platma kabi tez o‘sib borayotgan loyihalar bor. Bozor flagmanlari sifatida esa Uzum va TBC Uzbekistan tan olingan bo‘lib, ularning qiymati 1 milliard dollardan oshib ketgan. Bu kompaniyalar mamlakatning ilk “bir milliardlik startaplari”ga aylandi.
Tahlilchilar ta’kidlashicha, O‘zbekiston startap muhitining kuchli tomoni — uning diversifikatsiyasi. Ayniqsa fintex, ta’lim texnologiyalari (EdTech), logistika, marketing va sun’iy intellekt yo‘nalishlari faol rivojlanmoqda. Dealroom ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda 54 ta EdTech, 51 ta FinTech, 31 ta logistika va transport, 27 ta marketing va 26 ta sun’iy intellekt startaplari faoliyat yuritmoqda.
Shuningdek, o‘zbekistonliklar asos solgan 50 dan ziyod startaplar AQSH, Buyuk Britaniya, Yevropa mamlakatlari, BAA va Markaziy Osiyoda faoliyat ko‘rsatmoqda. Bu o‘z navbatida mahalliy IT sohasining xalqaro nufuzi oshib borayotganidan dalolatdir.
IT Park Uzbekistan va Dealroom.co hamkorligida ishga tushirilgan yangi uzbekistan.dealroom.co milliy platformasi mamlakat startaplarining yagona ma’lumot markaziga aylandi. Portal startaplar, investorlar, akseleratorlar va venchur fondlar haqidagi ma’lumotlarni birlashtirib, tadbirkorlar va tahlilchilar uchun qulay sharoit yaratadi. Yaqin vaqtda u mahalliy StartupBase tizimi bilan integratsiya qilinib, barcha ma’lumotlarni yagona bazada jamlaydi.





