
Sotilmagan kommunal mulklar endi biznesga ijaraga beriladi
04.07.2025 | 20:0020462
O‘zbekistonda auksion orqali xarid qilinmagan kommunal ob’ektlar endilikda tadbirkorlarga ijaraga berilishi mumkin. Hukumatning 2025 yil 30 iyunda qabul qilgan 400-sonli qarori bilan bu amaliyot rasmiylashtirildi.

Hujjatga ko‘ra, mahalliy hokimiyatlar tasarrufida bo‘lgan, 10 ming kvadrat metrgacha bo‘lgan va bahosi 5 ming BHMdan oshmaydigan ko‘chmas mulklar (Nukus, viloyat va tuman markazlari hamda Toshkent shahridagi ob’ektlar bundan mustasno) agar 6 oy ichida sotilmasa, tadbirkorlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijaraga berilishi mumkin.
Ijara muddati 10 yil etib belgilanadi va stavkasi eng kam miqdorda bo‘ladi. Evaziga tadbirkor 2 yil mobaynida ushbu binolarda yangi loyihalarni amalga oshirishi, ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish yoki servis yo‘nalishida faoliyat yuritib, yangi ish o‘rinlari yaratishi shart qilib qo‘yilgan.
Mazkur qaror 2025 yil 1 iyuldan amalga kirdi va Milliy qonunchilik bazasida e’lon qilindi.





