
«Sovuq ob-havo sabab elektr va gaz ta’minotida cheklovlar bo‘lishi mumkin» — Energetika vazirligi
O‘zbekistonda havo keskin sovishi sabab ayrim hududlarda qisqa muddatli texnik cheklovlar bo‘lishi mumkin. Vazirlik aholini tejamkorlikka chaqirdi.

Havo haroratining keskin pasayishi tufayli energetika tizimi kuchaytirilgan ish rejimiga o‘tkaziladi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.
Xabarda qayd etilishicha, yoqilg‘i-energetika tizimi sovuq ob-havo sharoitida barqaror ishlashi bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Elektr, issiqlik va gaz tarmoqlarida qo‘shimcha texnik ko‘riklar o‘tkazilib, ishlab chiqarish va yetkazib berish quvvatlari mavjud sharoitga moslashtirilgan.
«Sovuq kunlarda energiyaga bo‘lgan talab ortadi. Ayrim hududlarda vaqtinchalik texnik cheklovlar bo‘lishi mumkin. Bunday holatlarda aholi va ijtimoiy obyektlarni barqaror ta’minlash ustuvor vazifamiz bo‘ladi», — deyiladi xabarda.
Energetika vazirligi fuqarolarni elektr energiyasi va tabiiy gazdan oqilona foydalanishga hamda isitish moslamalarini qat’iy ravishda odatiy rejimda ishlatishga chaqirdi.
«Uy-joylarda issiqlikni saqlash orqali ham energiya tejaladi, ham xona iliq bo‘ladi», — deyilgan vazirlik xabarida.
Shuningdek, aholidan quyidagilar so‘raldi:
isitish moslamalarini qarovsiz qoldirmaslik;
xonaning muntazam shamollatilishini ta’minlash;
dudburon va shamollatish tizimlarining holatini tekshirish.
«Is gazidan zaharlanishning oldini olish maqsadida yopiq xonalarda ochiq olov yoki nosoz isitish qurilmalaridan foydalanmaslik, imkon qadar is gazi aniqlagich uskunalardan foydalanish tavsiya etiladi», — deya ta’kidlangan xabarda.
Elektr energiyasi va gaz ta’minoti bilan bog‘liq savollar bo‘yicha fuqarolar 24/7 rejimda qo‘ng‘iroq qilishi mumkin bo‘lgan raqamlar ham keltirilgan:
1154 (elektr ta’minoti), 1104, 104 (gaz ta’minoti).





