add

Soxta chegirmalar: Raqobat qo‘mitasi tadbirkorlarga ogohlantirish berdi

Bugun 15:451002 daqiqa

Bayram oldidan aksiya va chegirmalar ko‘paygani sabab, Raqobat qo‘mitasi tadbirkorlarni chegirma qoidalariga rioya qilishga chaqirib, ular buzilsa moliyaviy jarimalar qo‘llanishini ma’lum qildi.

Soxta chegirmalar: Raqobat qo‘mitasi tadbirkorlarga ogohlantirish berdi

Yangi yil bayrami yaqinlashishi bilan ko‘plab tadbirkorlik sub’ektlari savdoni rag‘batlantirish maqsadida turli aksiya va chegirmalar taklif etmoqda. Raqobat qo‘mitasi bunday tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashini bildirgan holda, iste’molchilar manfaatlarini ta’minlash maqsadida qonunchilik talabi buzilmasligi kerakligini ta’kidladi.

Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, ayrim sub’ektlar tomonidan yolg‘on chegirmalar e’lon qilish, chegirma miqdori, tovar soni va boshqa muhim ma’lumotlarni yashirish holatlari kuzatilmoqda. 2025 yilda qo‘mitaga kelib tushgan 48 mingdan ortiq murojaatning katta qismi aynan noo‘rin axborot yoki chalg‘ituvchi reklama bilan bog‘liq.

Qonunchilikka muvofiq, sotuvchi chegirma e’lon qilganda tovarning oxirgi 30 kun ichidagi eng past narxini qayd etishi, iste’molchining talabiga ko‘ra ushbu ma’lumotni taqdim etishi shart. Chegirma aniq foiz yoki summada ko‘rsatilishi, uning qachondan qachongacha amal qilishi to‘g‘ri bayon etilishi lozim.

Shuningdek, agar chegirma cheklangan tovarga, mavsumiy mahsulotga yoki yaroqlilik muddati yaqinlashgan molga tegishli bo‘lsa, bu haqda iste’molchi oldindan xabardor qilinishi shart. Sotuvchi chegirmaga qadar qo‘llangan narxni hujjat bilan asoslashi kerak. Agar aksiya iste’molchidan shaxsiy ma’lumot talab qilsa, ularni qayta ishlash shartlari aniq tushuntirilishi zarur.

Qo‘mitaning ta’kidlashicha, rag‘batlantiruvchi aksiyalar haqidagi ma’lumotlar — amal qilish muddati, tovarlar ro‘yxati, miqdori hamda shartlari aniq va tushunarli tarzda taqdim etilishi shart. Bundan tashqari, alkogol va tamaki mahsulotlari, dori vositalari, BADlar va energetik ichimliklar reklamasi bo‘yicha chegirma yoki rag‘batlantiruvchi aksiyalar o‘tkazish taqiqlangan.

Raqobat qo‘mitasi tadbirkorlarni qonunchilik talablariga qat’iy amal qilishga chaqirib, ular buzilgan taqdirda javobgarlik va moliyaviy jarimalar qo‘llanishini ogohlantirdi.

Teglar

Mavzuga oid

Soxta chegirmalar: Raqobat qo‘mitasi tadbirkorlarga ogohlantirish berdi | Vaqt.uz