«SpaceX» dunyodagi eng yirik IPO uchun aksiyalar narxini belgiladi
Ilon Maskning raketasozlik kompaniyasi ham umumiy qiymati, ham jalb qilinadigan mablag‘ miqdori bo‘yicha «Saudi Aramco»ning 2019 yildagi rekordini yangilashi kutilmoqda.
© habrastorage.orgIlon Maskka tegishli raketasozlik va sun’iy intellekt kompaniyasi — «SpaceX» 3-may kuni o‘zining IPO uchun aksiya narxini 135 dollar etib belgiladi. «The New York Times» nashrining xabar berishicha, bu orqali kompaniyaning umumiy bahosi 1,77 trillion dollarga yetadi va bu tarixdagi eng yirik IPO sifatida qayd etiladi.
Ushbu narxda aksiyalarni joylashtirish orqali «SpaceX» 74,4 milliard dollar mablag‘ jalb qiladi. Natijada uning bozor qiymati fevral oyidagi ko‘rsatkichdan (1,25 trillion dollar) 40 foizga ko‘proqqa oshadi.
Ma’lumot o‘rnida, hozirgi IPO rekordi Saudiya Arabistonining davlat neft kompaniyasi — «Saudi Aramco»ga tegishli. U 2019 yilda birjaga chiqqan vaqtida 1,7 trillion dollarga baholanib, 29 milliard dollardan ortiq sarmoya jalb qilgan edi.
Odatda, birjaga chiqadigan aksariyat kompaniyalar investorlar talabidagi ehtimoliy o‘zgarishlarni hisobga olib, yakuniy raqamni tasdiqlashdan oldin aksiyalari uchun dastlabki narx diapazonini belgilab oladi.
Ammo Mask va «SpaceX» bu an’anani chetlab o‘tdi hamda investorlar uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri yagona narxni e’lon qildi. Garchi «SpaceX» bu narxni o‘zgartirish huquqini saqlab qolsa-da, amalda bunday bo‘lishi kutilmayapti. Kompaniya aksiyalari kelasi haftadan boshlab «Nasdaq» birjasida «SPCX» tikeri ostida savdoga chiqarilishi rejalashtirilmoqda.

«Renaissance Capital»ning IPO bozori bo‘yicha bosh strategi Mettyu Kennedining so‘zlariga ko‘ra, 74,4 milliard dollar jalb etilishi «SpaceX» IPOsini «so‘nggi ikki yil ichida AQSHda o‘tkazilgan barcha IPOlarning umumiy qiymatidan ham ko‘proq» darajaga olib chiqadi.
«SpaceX» kompaniyasining mazkur qadami «OpenAI» va «Anthropic» kabi sun’iy intellekt sohasidagi boshqa yirik gigantlarning kutilayotgan ommaviy IPOlari uchun o‘ziga xos barometr vazifasini o‘taydi.
«Anthropic» o‘tgan dushanba kuni birjaga chiqish uchun maxfiy tarzda ariza topshirgan bo‘lsa, «OpenAI» yaqin haftalarda bunday qadamni tashlashi kutilmoqda.
Har ikki startapning bahosi allaqachon 1 trillion dollarga yaqinlashib qolgan. Mazkur uchta ommaviy IPO Kremniy vodiysi va Uoll-stritda ulkan sarmoyalar oqimini yuzaga keltirib, yangi korporativ gigantlarning paydo bo‘lishiga zamin yaratishi mumkin.
«The New York Times» nashrining ta’kidlashicha, bu jarayondagi eng katta g‘oliblardan biri — shusiz ham dunyoning eng boy odami hisoblangan 54 yoshli Ilon Mask bo‘ladi.
Aksiya narxi 135 dollardan sotilsa, uning nazoratidagi taxminan 50 foizlik «SpaceX» ulushining qiymati 752 milliard dollardan oshib ketadi. (Kompaniya hujjatlariga ko‘ra, Mask ma’lum bir operatsion marralarga erishmaguncha o‘ziga qarashli ayrim aksiyalarni sotish huquqiga ega emas). Savdolarning dastlabki kunlarida kompaniya aksiyalari narxining sezilarli darajada oshishi Maskni dunyodagi birinchi trillionerga aylantirishi mumkin.

2002 yilda «SpaceX»ga asos solgan Mask qisman qayta ishlatiladigan raketalar orqali kosmik poygani yangi bosqichga olib chiqdi va o‘zining «Starlink» sun’iy yo‘ldosh internet xizmati bilan aloqa sohasida haqiqiy inqilob yaratdi.
Fevral oyida «SpaceX» «X» ijtimoiy tarmog‘iga egalik qiluvchi «xAI» sun’iy intellekt kompaniyasini sotib oldi. Buning natijasida texnologik milliarderning turli manfaatlarini o‘zida birlashtirgan ulkan konglomerat vujudga keldi. Bundan tashqari, Mask «Tesla» elektromobillar korporatsiyasini va boshqa bir qator firmalarni ham boshqarib kelmoqda.
Mask so‘nggi yigirma yil ichida «SpaceX»dan o‘ziga xos «hamyon» sifatida foydalanib, kompaniyadan o‘ziga mablag‘lar ajratdi va atrofidagi bir nechta muammoli bizneslarini qo‘llab-quvvatlashda aynan shu firmaga tayandi.
Bunga, qisman, milliarderning «SpaceX» ustidan o‘rnatgan qat’iy nazorati imkon berdi. Kompaniya hujjatlariga ko‘ra, Mask ovoz berishda ustunlik taqdim etuvchi maxsus aksiyalar sinfi orqali aksiyadorlar ovozining 85 foizdan ko‘prog‘ini bevosita nazorat qiladi.
«NASA» va boshqa federal agentliklar bilan yirik shartnomalarga ega bo‘lgan «SpaceX» uzoq vaqt davomida o‘z moliyaviy ko‘rsatkichlarini sir saqlab kelgan yopiq kompaniya edi.
O‘tgan oyda esa kompaniya ilk bor IPO prospektida o‘z moliyaviy holatining to‘liq manzarasini oshkor qildi.
Hujjatlarda ma’lum qilinishicha, sun’iy intellekt loyihalariga yo‘naltirilgan xarajatlarning keskin oshishi tufayli kompaniya o‘tgan yili 4,9 milliard dollardan ko‘proq zarar ko‘rgan (vaholanki, 2024 yilda 791 million dollar sof foyda olgan edi). Shu bilan birga, o‘tgan yilgi umumiy daromad undan oldingi yilga nisbatan 33 foizga o‘sib, 18,7 milliard dollarni tashkil etgan.
Kompaniya IPO’dan tushgan mablag‘larni turli megaloyihalarni, jumladan, sun’iy intellekt ma’lumotlar markazlarini orbitaga olib chiqish, Oyda fabrika qurish va pirovardida insoniyatni Marsga yuborish kabi Maskning ulkan maqsadlarini moliyalashtirishga yo‘naltirishni rejalashtirmoqda.
«Morningstar» investitsiya tadqiqotlari firmasi tahlilchisi Nikolas Ouensning ta’kidlashicha, garchi «SpaceX» IPOsi misli ko‘rilmagan darajada ulkan bo‘lsa-da, yaqin kelajakda bu rekordlar yana bir necha bor yangilanishi mumkin. Chunki «OpenAI» va «Anthropic» kabi kompaniyalar birjaga chiqishdan oldin har qachongidan ham ko‘proq yiriklashib ulgurgan.
«Birjaga chiqayotgan kompaniya uchun trillion dollarlik bozor kapitallashuvi ilgari quloq eshitmagan hodisa edi. Hozir esa bu oddiy holdek tuyulmoqda», — dedi tahlilchi.





