
SpaceX Starship kemasi 10-sinov parvozini o‘tkazdi
27.08.2025 | 11:4519583
26 avgust kuni Amerika kompaniyasi SpaceX o‘zining tarixdagi eng yirik kosmik kemasi Starship’ni o‘ninchi marta muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazdi.

Jonli efir X ijtimoiy tarmog‘ida namoyish etildi. Kompaniya ushbu parvozni «qayta foydalanish mumkin bo‘lgan ilk to‘liq raketa yaratish yo‘lida muhim qadam» sifatida baholadi.
Starship’ni uchirish uchun Ilon Mask kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan Super Heavy raketa kuchaytirgichi ishlatildi. U kemadan ajralib chiqdi va rejaga muvofiq Meksika ko‘rfazida parvozini yakunladi.
Kosmik missiya bir soatdan ortiq davom etdi. Shu vaqt mobaynida Starship orbitaga bir nechta Starlink sun’iy yo‘ldosh simulyatorlarini joylashtirishga muvaffaq bo‘ldi. Bu natija kompaniyaning tijorat yo‘ldoshlarini kelgusida ko‘p miqdorda uchirish salohiyatini sinovdan o‘tkazish maqsadida amalga oshirildi.
Missiya yakunida Starship boshqaruv tizimi yordamida Hind okeaniga qo‘ndi. SpaceX’ning ta’kidlashicha, bu parvozdan olingan tajriba kelgusida kemani to‘liq qayta foydalanish imkonini berishga xizmat qiladi.
Ilon Mask jamoasi Starship dasturini Mars va boshqa uzoq kosmik yo‘nalishlarga parvozlar uchun asosiy platforma sifatida ko‘radi. Sinov parvozlari orqali kompaniya raketa xavfsizligi va ishonchliligini yanada takomillashtirishni rejalashtirmoqda.





