
SQB xususiylashtirilishi boshqa davlat banklari uchun namuna bo‘lishi mumkin — Fitch Ratings
Fitch Ratings agentligi O‘zbekiston bank sektoridagi xususiylashtirish jarayoniga yanada aniq va maqsadli yondashuv shakllanayotganini ta’kidlamoqda.

Fitch Ratings xalqaro agentligi tahliliga ko‘ra, O‘zbekiston hukumati bank tizimidagi islohotlarda birinchi navbatda «O‘zsanoatqurilishbank» (SQB) xususiylashtirilishiga ustuvor ahamiyat qaratmoqda. Bu jarayon mamlakatdagi boshqa davlat banklari xususiylashuvi uchun namuna bo‘lishi mumkin.
Agentlik hisobotida ta’kidlanishicha, yaqin 2–3 yilda banklar keskin xususiylashtirilishi kutilmaydi. Bunga sabab sifatida ularda hanuzgigacha davlat siyosatiga asoslangan qarzlar ulushining yuqoriligi, kapital yetishmovchiligi va bozordagi raqobat kuchaygani keltirilmoqda.
Shu bilan birga, davlat banklarining biznes-modellari asta-sekin qayta ko‘rib chiqilayotgani, maqsadli kreditlashdan ko‘ra, tijorat faoliyatini kengaytirishga o‘tilayotgani ijobiy baholangan. Bunday o‘zgarishlar banklarning daromaddorligi, risk-menejmenti va boshqaruv sifatini oshirib, chet ellik investorlarni jalb etish imkoniyatini oshiradi.
Ayni paytda SQB xususiylashtirish jarayonida eng oldinda ekani ta’kidlandi. UzNIF (O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasi) aynan shu bankni tayyorlashga asosiy e’tiborni qaratmoqda. Bundan tashqari, SQB tomonidan 2025 yil oktabrida 300 mln dollarlik AT1 obligatsiyalari chiqarilib, bankning kapitali mustahkamlandi. Bu kreditlash hajmini kengaytirish va foydadorlikni oshirishga xizmat qilmoqda.
Fitch tahlilchilariga ko‘ra, SQB aksiyalarining nazorat paketini 2026 yilda UzNIF’ning kutilayotgan IPO’si orqali xususiy investorlarga sotish ehtimoli yuqori. Ushbu muvaffaqiyatli xususiylashtirish boshqa banklar — Asakabank, Aloqabank va Turonbank uchun ham yo‘l ochishi mumkin.
Shu bilan birga, Asakabankʼda eski, kam daromadli kreditlar ulushi katta bo‘lib, bu uning SME va chakana kreditlashga o‘tishini sekinlashtirmoqda. Aloqabank esa hozirgi paytda yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan davlat dasturlarida asosiy bank sifatida ishtirok etmoqda, bu esa uning yaqin kelajakdagi xususiylashish ehtimolini pasaytiradi.





