add

SSSRdan qolgan yadroviy «sovg‘a»: AEXA Markaziy Osiyoni tozalash rejasini e’lon qildi

Xalqaro atom energiyasi agentligi tomonidan tasdiqlangan dastur Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistonni uran chiqindilaridan tozalashni qamrab oladi.

SSSRdan qolgan yadroviy «sovg‘a»: AEXA Markaziy Osiyoni tozalash rejasini e’lon qildi

Xalqaro atom energiyasi agentligi (AEXA) Markaziy Osiyodagi uran chiqindilarini qayta ishlash bo‘yicha 2030 yilgacha mo‘ljallangan yangi strategiyani qabul qildi. Bu haqda Britaniyaning World Nuclear News axborot portali xabar berdi.

Qayd etilishicha, ushbu Strategik reja Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistonni qamrab oladi hamda xalqaro moliya va soha tashkilotlari bilan hamkorlik qilishni nazarda tutadi. Hujjat sobiq sovet davridagi uran qazib olish natijasida zararlangan hududlarni bosqichma-bosqich tozalash va ekologik holatini qayta tiklashga qaratilgan.

Dasturning yangilangan umumiy qiymati 113 million yevro deb baholanmoqda. Bu summaga qurilish-muhandislik ishlari, loyihani boshqarish, kutilmagan xarajatlar uchun zaxira, shuningdek, dastur bilan bog‘liq qo‘shimcha xarajatlar kiritilgan.

Ta’kidlanishicha, yangi strategiya ilgari ustuvor hisoblanmagan, ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy xavf darajasi nisbatan past bo‘lgan ob’ektlarni ham qamrab oladi. Ikki tomonlama kelishuvlar doirasida Rossiya bunday ob’ektlarni tozalash uchun Qirg‘izistonga 21,4 million yevro, Tojikistondagi shunday ishlarga esa 15,6 million yevro yo‘naltirmoqda.

AEXA mutaxassislarining fikricha, yangi rejani amalga oshirish loyihalarning bir-birini takrorlashini oldini oladi, bajarilayotgan ishlarning shaffofligini oshiradi va mintaqadagi uran chiqindilarini tozalashni to‘liq yakunlash uchun qo‘shimcha xalqaro ko‘makni jalb qilish imkonini beradi.

Teglar

Mavzuga oid