
SSV bolalar orasida «g‘ayriodatiy infeksiya» tarqalayotganini rad etdi
Sog‘liqni saqlash vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan bolalar orasidagi «g‘ayriodatiy infeksiya» haqidagi xabarlar bo‘yicha rasmiy izoh berdi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi bolalar orasida o‘tkir respirator virusga o‘xshash, lekin ich ketishi va qayt qilish bilan kechayotgan «g‘ayriodatiy infeksiya» tarqalayotgani haqidagi xabarlarga rasmiy munosabat bildirdi.
Rasmiy munosabatda bu holat mavsumiy shamollash va o‘tkir respirator virusli kasalliklar bilan bog‘liq bo‘lib, hech qanday noodatiy holat qayd etilmagani aytilgan.
Ma’lum qilinishicha, har yili kuzda, ayniqsa havo harorati pasaygan paytda, respirator virusli kasalliklar soni ortishi tabiiy jarayon hisoblanadi. Odatda shamollash mavsumi avgust oxiri yoki sentyabr boshlarida boshlanadi, joriy yilda esa bu jarayon biroz kechroq — oktyabr oyining oxirgi o‘n kunligida kuzatilmoqda.
Vazirlik ayrim bemorlarda shamollash belgilarining farqli tarzda kechishi mumkinligini qayd etgan. Ba’zida kasallik yo‘tal, aksirish yoki tana harorati ko‘tarilishi bilan namoyon bo‘lsa, boshqalarda oshqozon-ichak tizimi buzilishi — ich ketishi yoki qayt qilish ko‘rinishida kechishi mumkin.
Shu bilan birga, SSV ta’kidlaganidek, bir vaqtning o‘zida virusli va bakterial infeksiyalar ommaviy tarzda avj olishi qayd etilmaydi. Bu mikroorganizmlar tabiatidan kelib chiqib, biri ikkinchisining ko‘payishiga to‘sqinlik qilishi bilan izohlanadi.
Vazirlik mavsumiy kasalliklarni koronavirus mutatsiyasi bilan bog‘lash ham noto‘g‘ri ekanini ma’lum qildi. Hozirgi paytda COVID-19 oddiy respirator infeksiya ko‘rinishiga aylangan va mamlakatda epidemiologik vaziyat barqaror.
Shuningdek, O‘zbekiston tibbiyot muassasalarida O‘RVIni davolash uchun zarur dori-darmon va o‘rin-joy zaxiralari yaratilgan, epidemik holat doimiy ravishda monitoring qilib borilmoqda. Sog‘liqni saqlash vazirligi huzurida maxsus shtab faoliyat yuritmoqda.
Vazirlik ota-onalarga bolalarda shamollash yoki infeksiya belgilari kuzatilganda ularni o‘z vaqtida oilaviy shifokor ko‘rigiga olib borishni tavsiya qildi.





