
SSV soxta tabiblardan ehtiyot bo‘lishga chaqirdi
08.08.2025 | 15:3020053
Sog‘liqni saqlash vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda ruxsatsiz davolash bilan shug‘ullanayotgan shaxslar soni ortib, aholi salomatligiga xavf solayotganini ma’lum qildi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi fuqarolarni ijtimoiy tarmoqlardagi soxta tabiblardan ehtiyot bo‘lishga chaqirdi. Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, oxirgi vaqtlarda litsenziyasiz, ruxsat etilmagan usullar orqali kasalliklarga tashxis qo‘yib, davolash bilan shug‘ullanayotgan shaxslar soni ko‘paygan. Bu holat aholi salomatligi va hayotiga jiddiy xavf tug‘dirmoqda.
Ayniqsa, o‘zlarini «g‘ayritabiiy qobiliyatlarga ega» sifatida ko‘rsatayotgan va uy sharoitida tez, asoratsiz, tabiiy yo‘l bilan davolashni va’da qilayotgan kimsalar turli yo‘llar bilan odamlar ishonchiga kirib, hech qanday klinik sinovdan o‘tmagan «xizmat»larni taklif qilmoqda.
SSV ta’kidlashicha, ijtimoiy tarmoqlar bunday shubhali xizmatlarni keng targ‘ib qilayotgan asosiy maydonga aylanmoqda. Qo‘llanilayotgan muolaja usullari dalillarga asoslangan tibbiyot protokollariga to‘g‘ri kelmaydi va rasmiy klinik standartlarga muvofiq emas.
Vazirlik bu kabi shaxslarga hech qanday litsenziya berilmaganini, faqat rasmiy ruxsatga ega muassasalar xizmatidan foydalanish zarurligini bildirdi.Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, hozirda O‘zbekistonda xalq tabobati yo‘nalishida 150 ta tadbirkorlik sub’ekti litsenziya asosida ish yuritmoqda. 2024 yil davomida 38 ta yuridik shaxs litsenziyasiz tibbiy faoliyat uchun BHMning 300 baravari miqdorida jarima to‘lagan. 2025 yil 1 iyul holatiga esa 24 ta yuridik shaxs shunday huquqbuzarlik uchun moliyaviy jarimaga tortilgan.
Vazirlik aholini faqat rasmiy litsenziyaga ega tibbiyot muassasalari va mutaxassislar xizmatlaridan foydalanishga, ijtimoiy tarmoqlardagi shubhali takliflarga ishonmaslikka chaqirdi.





