add

Starlink Qozog‘istonda rasman ishga tushdi

13.08.2025 | 12:4520723

13 avgustdan Qozog‘iston aholisi SpaceXning Starlink sun’iy yo‘ldosh tarmog‘i orqali yuqori tezlikdagi internetdan foydalanishi mumkin bo‘ldi.

Starlink Qozog‘istonda rasman ishga tushdi
Qozog‘istonda 13 avgustdan Starlink sun’iy yo‘ldosh interneti rasman ishga tushdi. Bu haqda kompaniya ijtimoiy tarmoq orqali ma’lum qildi, shuningdek, Qozog‘iston Raqamli rivojlanish, innovatsiyalar va aerokosmik sanoat vazirligi ham tasdiqladi. Vazirlik xabariga ko‘ra, Starlink Qozog‘iston Respublikasi hududida past orbitali sun’iy yo‘ldoshlar tarmog‘i orqali yuqori tezlikdagi va ishonchli internet xizmatlarini taqdim etadi. Bu imkoniyat mamlakat aholisiga, jumladan, chekka va borish qiyin bo‘lgan hududlarda ham barqaror internet ulanishini ta’minlaydi. Starlink xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha kelishuv 12 iyun kuni imzolangan. Unga muvofiq, kompaniya Qozog‘iston qonunchiligi talablariga rioya etish majburiyatini olgan. Starlink — Ilon Mask asos solgan SpaceX kompaniyasining tarkibidagi internet loyihasi bo‘lib, u butun dunyo bo‘ylab sun’iy yo‘ldosh orqali tezkor va barqaror ulanishni ta’minlashga mo‘ljallangan. Texnologiyaning asosiy ustunligi shundaki, u an’anaviy infratuzilmaga ega bo‘lmagan yoki chekka hududlarda ham yuqori sifatli internetni taqdim eta oladi. Qozog‘iston rasmiylariga ko‘ra, loyiha mamlakatda raqamli xizmatlar qamrovini kengaytirish va internet sifatini oshirishda muhim qadam hisoblanadi. Avvalroq, SpaceXning 2025 yilda 15,5 mlrd dollar daromad olgani haqida xabar bergan edik.

Teglar

Mavzuga oid