
«Starlink» raqibi eng yirik tijoriy sun’iy yo‘ldoshni fazoga chiqardi
AQSHning Texas shtatidan «AST SpaceMobile» kompaniyasi «BlueBird 6» sun’iy yo‘ldoshini fazoga chiqarib, koinot orqali to‘g‘ridan to‘g‘ri 5G xizmatini yo‘lga qo‘yishni maqsad qilmoqda.

Texasda joylashgan «AST SpaceMobile» kompaniyasi o‘zining yangi avlod tijoriy sun’iy yo‘ldoshi — «BlueBird 6»ni muvaffaqiyatli ravishda Yer orbitasiga chiqardi. Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, ushbu apparat hozirda dunyodagi eng katta tijoriy sun’iy yo‘ldosh hisoblanadi.
«BlueBird 6» 23-dekabr kuni Hindistondagi Satish Dhavan kosmik markazidan LVM3 raketa yordamida fazoga uchirildi. Yangi sun’iy yo‘ldosh «AST SpaceMobile»ning kosmos orqali mobil aloqa xizmatini to‘g‘ridan to‘g‘ri smartfonlarga yetkazish konsepsiyasida muhim qadam sifatida baholanmoqda.
Kompaniyaning maqsadi — «SpaceX»ga tegishli «Starlink» tarmog‘iga raqobatchi bo‘lish va Yerdagi qo‘shimcha antenna yoki uskunalarsiz 5G aloqani ta’minlashdir. «BlueBird 6» ushbu yangi sun’iy yo‘ldoshlar guruhining eng yirik va ilk namunasi hisoblanadi.
Bundan oldin kompaniya 2022 yil sentabrida «BlueWalker 3» sinov sun’iy yo‘ldoshini orbitaga chiqargan va 2023 yilda aynan shu apparat orqali fazodan ilk 5G qo‘ng‘irog‘ini amalga oshirgan edi. Hozirga qadar jami oltita «BlueBird» turkumiga mansub sun’iy yo‘ldosh fazoga chiqarilgan.
«BlueBird 6»ning quyosh panellari ochilganda umumiy yuzasi 223 kvadrat metrga yetadi. Bu uni orbitaga chiqarilgan eng yirik tijoriy sun’iy yo‘ldoshga aylantiradi. Sun’iy yo‘ldosh 10 GHz diapazonni qo‘llab-quvvatlaydi va bir mobil qurilma uchun soniyasiga 120 Mbps gacha ma’lumot uzatish imkoniyatini beradi.
Kompaniya rejalariga ko‘ra, 2026 yil oxirigacha yana 45–60 ta shunday sun’iy yo‘ldosh fazoga chiqarilishi ko‘zda tutilgan. Bu AQSH hududi hamda ayrim boshqa mintaqalarda to‘liq 5G qamrovini ta’minlashga xizmat qilishi kutilmoqda.
Shu bilan birga, yirik o‘lchamdagi sun’iy yo‘ldoshlar astronomlar o‘rtasida tashvish uyg‘otmoqda. Mutaxassislar bunday yorqin ob’ektlar osmon kuzatuvlariga va xavfli asteroidlarni aniqlash jarayonlariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini ta’kidlamoqda.



