
Sud tomonidan oqlanganlar soni 2,5 baravarga kamaydi
19.07.2025 | 10:0123873
2025 yilning birinchi yarmida O‘zbekiston sudlari tomonidan oqlanganlar soni keskin kamaydi. Statistikaga ko‘ra, bu ko‘rsatkich 2024 yilga nisbatan 2,5 baravarga pasaydi. Sudlov faoliyatida oqlash holatlarining qisqarishi huquqiy jarayonlarga nisbatan savollar uyg‘otmoqda.
O‘zbekiston Oliy sudi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, 2025 yilning yanvar–iyun oylarida mamlakat sudlari tomonidan 204 nafar shaxs oqlangan. Ushbu ko‘rsatkich 2024 yilning shu davrida qayd etilgan 465 nafar oqlangan shaxsga nisbatan 2,5 baravar kamdir.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra:
2023 yilning shu davrida 564 nafar,
2022 yilda esa 468 nafar shaxs oqlangan.
2024 yil yakunida esa butun yil davomida 723 nafar shaxs oqlanib, bu so‘nggi yetti yildagi eng past ko‘rsatkich bo‘lgan.
2017–2024 yillar davomida O‘zbekistonda sudlar jami 6 679 nafar shaxsni oqlagan. Ulardan:
2023 yilda 1 244 nafar,
2022 yilda 1 010 nafar,
2021 yilda esa 932 nafar shaxs reabilitatsiya qilingan.
2024 yilda respublika sudlarida 61 481 ta jinoiy ish ko‘rib chiqilgan. Shu yili 77 995 kishi sudlangan bo‘lib, bu oxirgi besh yillikdagi eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi. Sudlangan shaxslarning 40 foizi ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan, 25 foizi uncha og‘ir bo‘lmagan, 29 foizi og‘ir va 5 foizi o‘ta og‘ir jinoyat sodir etgan.
Shuningdek, o‘tgan yili 20 655 nafar shaxs ozodlikdan mahrum etilib, so‘nggi besh yildagi eng yuqori qamoq jazosi qo‘llangan yil sifatida qayd etilgan. 2020 yilda bu ko‘rsatkich 7 107, 2021 yilda 12 922, 2022 yilda 17 610, 2023 yilda esa 17 391 nafarni tashkil etgan.





