add

Sud Tramp ma’muriyatining talabalar vizasini bekor qilish harakatini to‘xtatdi

23.05.2025 | 17:4037483

Kaliforniyadagi Federal sud Tramp ma’muriyatining SEVIS (Student and Exchange Visitor Information System) tizimi orqali xorijiy talabalarning immigratsiya maqomini bekor qilishga urinishini noqonuniy deb topdi. Bu qaror minglab talabalar uchun barqarorlikni ta’minlaydi.

Sud Tramp ma’muriyatining talabalar vizasini bekor qilish harakatini to‘xtatdi
Kaliforniyaning Shimoliy okrugi Federal sudyasi Jeffri Uayt Tramp ma’muriyatining xorijiy talabalarning vizasini tugatish bo‘yicha harakatini «noqonuniy, asossiz» deb baholab, bu siyosatga butun mamlakat bo‘yicha cheklov kiritdi. Sud qaroriga ko‘ra, AQSH hukumati endi SEVIS (Student and Exchange Visitor Information System) orqali talabalarning huquqiy maqomini bekor qilishi, ushlab turishi yoki mamlakatdan chiqarishi mumkin emas. Bu SEVIS tizimida ro‘yxatdan o‘tgan talabalarni qamrab olgan qaror bo‘lib, hozirgi kunda bunday talabalar soni 1,1 million nafarga yetadi. Mazkur ish yuzasidan chiqarilgan qaror, ayniqsa, 2024 yil bahorida AQSH universitetlaridagi Falastinni qo‘llab-quvvatlovchi namoyishlardan so‘ng SEVIS orqali vizasi bekor qilingan 4700 nafarga yaqin talabaga daxldor. Sudya Uaytning ta’kidlashicha: «Sud bergan yordam da’vogarlarga tahdid solayotgan maqomdan chiqarib yuborish xavfisiz o‘qish va ishlashda davom etish imkonini beradi.» AQSH Ichki Xavfsizlik departamenti vakili Trisha Maklaflin bu qarorni tanqid qilib, shunday dedi: «Ushbu hukm adolatni kechiktiradi va prezidentning konstitutsiyaviy vakolatlarini susaytiradi.» U, shuningdek, talabalar vizasi huquq emas, balki imtiyoz ekanini, universitetlar esa yuqori kontrakt to‘lovlari hisobiga boyiyotganini qo‘shimcha qildi. Tramp ma’muriyati bu tizimga «mantiqiy yondashuvni qayta tiklash» niyatida ekanini ta’kidladi va yuqori instansiyada sud qarorini qayta ko‘rib chiqishni kutmoqda. Immigratsiya huquqshunoslari esa bu qarorni talabalar uchun katta yutuq, deb baholamoqda.

Teglar

Mavzuga oid