add

«Sudni gaplashib bermoqchi» bo‘lgan advokatlarning o‘zi endi hamkasblari xizmatiga muhtoj

09.10.2025 | 12:4024544

Toshkent va Surxondaryo viloyatlarida sud organlaridagi tanishlari orqali ishni «ijobiy hal etish»ni va’da qilgan advokatlar pora bilan qo‘lga tushdi.

«Sudni gaplashib bermoqchi» bo‘lgan advokatlarning o‘zi endi hamkasblari xizmatiga muhtoj
Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Departament tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida ikki nafar advokat pora bilan qo‘lga olindi. Har ikki holatda ham advokatlar sud organlaridagi tanishlari orqali ishni «ijobiy hal etish»ni va’da qilgan, deb xabar bermoqda DXX. Birinchi holat Toshkent shahrida faoliyat yurituvchi advokatlik firmasi advokati bilan bog‘liq. U Piskent tumanida yashovchi fuqaroga nisbatan Yashnobod tumani IIO FMB Tergov bo‘limi tomonidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha unga yengillik qilish evaziga 3700 AQSH dollari olgan paytda ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, advokat ayblanuvchiga tanlangan ehtiyot chorasini yengilroq turga o‘zgartirib berishni va’da qilgan. Hozirda unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi «a» bandi hamda 28,211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ikkinchi holat Surxondaryo viloyatining Denov tumanida aniqlangan. Bu yerda faoliyat yurituvchi advokatlik firmasi vakili fuqarodan 60 million so‘m olgan vaqtda DXX va viloyat prokuraturasi xodimlari tomonidan ushlangan. Ma’lum bo‘lishicha, advokat sud tizimidagi tanishlari orqali Denov tuman sudida ko‘rilayotgan jinoyat ishi bo‘yicha ayblanuvchiga yengil jazo tayinlanishini ta’minlashni va’da qilgan. Unga nisbatan ham Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi «v» bandi va 28,211-moddasi 1-qismi asosida ish qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Har ikki holat bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda. Mutasaddi idoralar advokatlik faoliyatidagi qonunbuzarliklarga nisbatan qat’iy chora ko‘rishini ma’lum qilgan.

Teglar

Mavzuga oid