Sudya va uning oila a’zolari mol-mulkini deklaratsiya qilish yo‘lga qo‘yilishi mumkin

Kecha 19:252 daqiqa

Prezident sudya va ularning oila a’zolari mol-mulkini deklaratsiya qilishni yo‘lga qo‘yish, sud apparati xodimlari orasida korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan komplayens nazorat tizimini joriy etish borasidagi tashabbuslarni qo‘llab-quvvatladi.

Sudya va uning oila a’zolari mol-mulkini deklaratsiya qilish yo‘lga qo‘yilishi mumkin

Prezident Shavkat Mirziyoyev 12-fevral kuni Sudyalar oliy kengashi raisining axboroti bilan tanishdi. Unda qayd qilinishicha, sud mustaqilligini ta’minlash, sudyalarni tashqi bosimlardan himoya qilish uchun Sudyalar oliy kengashi bevosita mas’ul hisoblanadi.

2025 yil sarhisobi

Ta’kidlanishicha, 2025 yil 59 nafar sudyaning vakolatlari muddatidan ilgari tugatilgan, jumladan, sudyalik qasamyodini buzgani hamda Sudyalar odobi kodeksi talablariga rioya etmagani uchun 19 nafar sudya lavozimidan ozod etilgan, 3 nafar sudya jinoiy javobgarlikka tortilgan, 58 nafar sudyaning lavozimlari pasaytirilgan. Sudyalik vakolati muddati tugagan 33 nafar sudya navbatdagi sudyalik lavozimiga noloyiq deb topildi hamda 266 nafar sudya intizomiy javobgarlikka tortilgan.

O‘tgan yilda sud faoliyatiga aralashganlik holatlari bo‘yicha Bosh prokuraturaga 5 ta taqdimnoma kiritilgan. Kengashning rasmiy veb-saytida sudya daxlsizligi buzilganligi yuzasidan tezkor xabar yuborish imkoni yaratildgan.

Sudyalar daxlsizligini himoya qilish choralari

Sudyalar daxlsizligi va mustaqilligini ta’minlash doirasida hududiy sudlar raislari tomonidan chiqarilgan 6 mingdan ortiq buyruq o‘rganilib, 231 ta buyruqda 314 nafar sudyalarga nisbatan odil sudlov bilan bog‘liq bo‘lmagan vazifalar yuklatilgani aniqlangan hamda ularni bartaraf etish yuzasidan aniq choralar ko‘rilgan.

Shu bois, sudyani o‘ziga xos bo‘lmagan vazifalardan ozod etish maqsadida sud apparati xodimlari bilan ishlash, moddiy-texnik ta’minot va barcha tashkiliy ishlarga mas’ul bo‘ladigan «sud ma’murchiligi» institutini tashkil etish bo‘yicha ilg‘or xorijiy tajriba o‘rganiladi.

Yangi tashabbuslar

Sudyalar mustaqilligi va daxlsizligini ta’minlash borasida Sudyalar intizomiy hay’atini tashkil etish orqali sudyaga nisbatan intizomiy jazo qo‘llashning xolis tartibini yaratish taklif qilindi.

Sudya va ularning oila a’zolari mol-mulkini deklaratsiya qilishni yo‘lga qo‘yish, sud apparati xodimlari orasida korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan komplayens nazorat tizimini joriy etish, sud apparati xodimlarini ishga olishning ochiq tartibini yaratish kabi tashabbuslar ilgari surildi.

Bundan tashqari, xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan davlat siyosati doirasida sud tizimida ham gender tenglikni ta’minlash masalasi muhokama qilindi. Jumladan, yaqinlashib kelayotgan 10-mart – Xalqaro ayol sudyalar kunini nishonlash bo‘yicha rejalar belgilab olindi.

Prezident bildirilgan takliflarni qo‘llab-quvvatlab, sud hokimiyati mustaqilligi, sudyalar daxlsizligini ta’minlash, odil sudlovni amalga oshirishga to‘sqinlik qilayotgan omillarni bartaraf etish yo‘nalishidagi tizimli chora-tadbirlarni izchil davom ettirish yuzasidan bir qator tavsiyalar berdi.

Teglar

Mavzuga oid