add

Sun’iy intellekt: har bir javob ortida 50 ml suv sarfi turibdi

29.06.2025 | 14:3015794

Suhbatlar ortida katta resurs turibdi — serverlarni sovitish uchun suv sarflanmoqda.

Sun’iy intellekt: har bir javob ortida 50 ml suv sarfi turibdi
So‘nggi yillarda sun’iy intellektual (SI) texnologiyalar turli sohalarda keng qo‘llanilayotgan bo‘lsa-da, bu tizimlar ortidagi infratuzilma to‘g‘risida ko‘pchilik yetarlicha ma’lumotga ega emas. Aslida esa har bir chatbot’ga berilgan savol ma’lumot markazlarida serverlar faoliyatini ta’minlash uchun muayyan miqdorda suv sarflanishiga olib keladi. Xalqaro energetika agentligining hisob-kitoblariga ko‘ra, AQSHdagi o‘rtacha 100 megavattli ma’lumotlar markazi kuniga taxminan 2 million litr suv ishlatadi. Bu suv asosan serverlarni sovitishda qo‘llaniladi. Bunday markazlar odatda bugungi kunda elektr energiyasini ham an’anaviy issiqlik elektr stansiyalaridan oladi, ularning o‘zi ham katta miqdorda suv talab qiladi. «One analysis» tahliliga ko‘ra, GPT-3 kabi modeli 10−50 ta o‘rtacha hajmdagi javobni ishlab chiqarish uchun 500 mlgacha suv sarflaydi. Bu esa har bir javob uchun 10−50 ml suv sarflanishiga teng. Shu bilan birga, sun’iy intellekt yordamida rasm va video yaratish jarayoni oddiy matn javoblariga qaraganda ancha ko‘proq suv sarflaydi. Mutaxassislar ta’kidlashicha, ma’lumot markazlarida suv sarfini kamaytirish uchun ba’zi kompaniyalar alternativ yechimlar, ya’ni kam suv ishlatuvchi, ammo ko‘proq elektr talab qiladigan texnologiyalardan foydalanmoqda. Shu bois, ko‘pincha suv sarfi va elektr sarfi o‘rtasida muvozanatni ta’minlash muhim muammoga aylanmoqda. Hozirda ba’zi yetakchi kompaniyalar kam suv iste’moliga o‘tib bo‘lgan, biroq bu yechim har doim ham barcha hududlarda iqtisodiy yoki texnik jihatdan maqbul emas. SI texnologiyalari jadal rivojlanayotgan bir paytda, ularning ekologik ta’sirini ham hisobga olish tobora dolzarb masalaga aylanmoqda.

Teglar

Mavzuga oid

Sun’iy intellekt: har bir javob ortida 50 ml suv sarfi turibdi | Vaqt.uz