
Sun’iy intellekt sohasidagi barcha muvaffaqiyatli kompaniyalarning umumiy jihati
Sun’iy intellekt endi tajriba emas — u strategik biznes boshqaruvining asosiy vositasiga aylandi. Ammo SI muammolarni hal qilmaydi, balki mavjud tizimni kuchaytiradi.

Entrepreneur nashrining yozishicha, sun’iy intellekt (SI) hozirgi kunda kompaniyalar uchun asosiy raqobat ustunligiga aylanmoqda. U faqat natijani yaxshilaydigan vosita emas, balki mavjud tizim va jarayonlarni aks ettiradi: agar kompaniyada ma’lumotlar tartibga solinmagan bo‘lsa, SI ularni yanada murakkablashtiradi.
McKinsey’ning 2025 yil mart oyidagi global so‘roviga ko‘ra, dunyodagi kompaniyalarning 75 foizi generativ SIdan foydalanmoqda. Ammo eng yaxshi natijalarni yuqori darajadagi rahbariyat nazoratiga ega tashkilotlar ko‘rsatmoqda.
SI sohasidagi yetakchi kompaniyalar — Cursor, Perplexity va Anthropic muvaffaqiyatga bir zumda erishmagan. Ular markazlashgan ma’lumotlar, tizimli jarayonlar va aniq strategiya asosida o‘sgan. Tahlilchilar ta’kidlashicha, bu shart-sharoitlarsiz SI «noto‘g‘ri masalliqlardan tuzililgan retsept» yanglig‘ bo‘laklarga bo‘linib ishlaydi va u samaradorlikni emas, balki xaosni kuchaytiradi.
Hozirgi amaliyotda SI tekshirilgan biznes jarayonlarini masshtablashtirish vositasiga aylangan. Masalan, marketingda u kontentni shaxsiylashtiradi, operatsiyalarda jadval va ombor tizimlarini optimallashtiradi, mijozlar xizmatida esa murojaatlarni tezlashtiradi.
Avtosalonlar test-drayv va moliyalashtirishni avtomatlashtirmoqda, rieltorlar SI orqali ko‘rsatuv va tanlov jarayonlarini boshqarmoqda, yuridik firmalar esa ko‘p tilda mijozlar bilan ishlashni tezlashtirgan.
Muvaffaqiyatning kaliti — texnologiyadan emas, aniq biznes vazifasidan boshlash. Kichik va o‘rta biznes uchun bu borada afzallik bor: ularda eski tizim yo‘q, shu bois SIni sinovdan o‘tkazish va joriy etish tezroq amalga oshadi.
Hozirgi raqobat sharoitida yutuvchilar — SIni real jarayonlarga joriy qilgan, aniq ma’lumotlardan foydalangan va amalda ustunlik yaratgan kompaniyalardir.




