
Suriya hukumati Suvaydada nazorat tiklanganini ma’lum qildi
20.07.2025 | 21:1532673
Suriya hukumati mamlakat janubidagi Suvayda shahrida yuz bergan to‘qnashuvlar to‘xtagani va hududda tartib o‘rnatilganini ma’lum qildi. Bir hafta davom etgan ziddiyatda mingga yaqin odam halok bo‘ldi.

Mo‘jaro druzlar va beduin qabilalari o‘rtasida boshlangan edi. 19 iyul kuni qurollangan guruhlar shahardan chekingan. Suriya Ichki ishlar vazirligi vakili Nuredin al-Baba bayonot berib, shahardagi barcha mahallalar beduin jangarilaridan tozalanganini ma’lum qildi.
Nizoning tinch yo‘l bilan tugashiga AQSH vositachiligida erishilgani aytilmoqda. Manbalarga ko‘ra, Damashq va Tel-Aviv o‘rtasidagi muzokaralar natijasida otishmalar to‘xtagan. AQSH davlat kotibi Marko Rubio esa ekstremistlarning Suriya hududida yangi zo‘ravonliklar uyushtirishiga yo‘l qo‘ymaslik lozimligini ta’kidladi.
Isroil Suriyadagi druz ozchilikni himoya qilishni bahona qilib, Suvaydadagi hukumat kuchlariga havodan zarba berdi. Hujumda Damashqdagi prezident saroyi va Bosh shtab ham nishonga olindi. Bu Suriya hukumatini kuchlarini hududdan olib chiqishga majbur qildi.
So‘ngra AQSH elchisi Tom Barrakning so‘zlariga ko‘ra, prezident Axmad ash-Shara’a va Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu o‘rtasida tinchlik kelishuvi imzolandi. Unga Turkiya va Iordaniya ham rasman qo‘shilgan. Shu bilan birga, ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, Suvaydaning ayrim hududlarida hanuz qurolli to‘qnashuvlar kuzatilmoqda.





