
Suriya milliy valyutasidan Asad va oilasining suratlari olib tashlanadi
Hozirda muomalada bo‘lgan 2000 funtlik kupyurada Bashar Asad, 1000 funtlikda esa uning otasi surati aks etgan bo‘lib, ular 2024 yilning dekabrida yakunlangan rejim davrini eslatib turadi.

Suriya hukumati mamlakat moliya tizimini tubdan isloh qilish va o‘tmish asoratlaridan voz kechish maqsadida yangi namunadagi milliy valuta — Suriya funti muomalaga chiqarilishini e’lon qildi. 2026 yilning 1-yanvaridan boshlab amaliyotga kiritiladigan yangi banknotalarda mamlakatni o‘n yillar davomida boshqargan Bashar Asad va uning otasi Hofiz Asadning tasvirlari bo‘lmaydi.
Suriya Markaziy banki raisi Abdel Qodir al-Hasriyaning ta’kidlashicha, ushbu islohot hokimiyat almashganidan keyingi yangi iqtisodiy kursning ajralmas qismi hisoblanadi. Yangi banknotalar siyosiy suverenitet va milliy birlik ramziga aylanishi kutilmoqda. Markaziy bank yaqin kunlarda eski pullarni yangisiga almashtirish tartibi va muddatlari bo‘yicha batafsil yo‘riqnomani e’lon qilishini bildirdi.
Hozirda muomalada bo‘lgan 2000 funtlik kupyurada Bashar Asad, 1000 funtlikda esa uning otasi surati aks etgan bo‘lib, ular 2024 yilning dekabrida yakunlangan rejim davrini eslatib turadi. O‘shanda muxolifat kuchlari Damashqni ozod qilgan, Asad esa Rossiyaga qochib ketgan edi. Yangi pullar olti xil nominalda chiqarilib, ularda hech qanday siyosiy shaxslar portreti va eski rejim belgilari bo‘lmaydi.
valuta islohoti doirasida denominatsiya jarayoni ham amalga oshirilib, pul birligidan ikkita nol olib tashlanadi. Bu urush yillarida keskin qadrsizlangan va ishonchni yo‘qotgan milliy valyutani sog‘lomlashtirishga qaratilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, yangi banknotalarni chop etish bo‘yicha shartnoma Rossiyaning «Goznak» korxonasi bilan imzolangan bo‘lib, ushbu tashkilot o‘n yildan beri Suriya pullarini bosib chiqarish bilan shug‘ullanib keladi.





