
Suriya milliy valyutasidan ikkita nolni olib tashlaydi
22.08.2025 | 17:0012873
Suriya 14 yillik urushdan keyin keskin qadrsizlangan ishonchni tiklash maqsadida yangi banknotalar chiqarib, ulardan ikki nolni olib tashlashni rejalashtirmoqda.

Suriya iqtisodiy inqiroz va chuqur qadrsizlanishdan keyin milliy valyutasiga ishonchni tiklash uchun yangi banknotalar joriy etmoqda. Bu haqda Reuters nashri xabar berdi. Suriya Markaziy banki avgust oyida xususiy banklarga mazkur islohot haqida ma’lum qilgan. Bu qadam 14 yil davom etgan urush va 2024 yil dekabrida Bashar Asad hokimiyatdan chetlatilgandan keyin rekord darajada qadrsizlangan funtga turtki berishga qaratilgan.
2011 yilda urush boshlangach, Suriya funti o‘z qiymatining 99 foizdan ortig‘ini yo‘qotgan. Hozirgi paytda bir AQSH dollari qariyb 10 ming funtga teng, urushdan avval esa bu ko‘rsatkich 50 funt atrofida bo‘lgan. Valyuta qadrsizlanishi natijasida aholi kundalik savdolarda katta paketlarda banknot tashishga majbur bo‘lib qolgan. Eng yirik kupyura — 5 ming funt hisoblanadi va u kamida yarim kilogramm og‘irlikka ega.
Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, besh nafar tijorat banki xodimi, Markaziy bankning bir manbasi va mahalliy iqtisodiy amaldor bu rejani tasdiqlagan, ammo qaror rasman e’lon qilinmagani uchun ular anonim qolishni so‘ragan. Valyutani qayta baholash uchun qonunchilikda tasdiq talab etilish-etilmasligi hozircha noma’lum.
Suriya sentyabrda yangi qonunchilik assambleyasi uchun saylovlar o‘tkazishi kutilmoqda. Shu bilan birga, ma’lumotlarga ko‘ra, Suriya Rossiyaning davlatga qarashli «Goznaκ» pul bosmaxonasi bilan yangi banknotalarni bosib chiqarish bo‘yicha kelishuvga erishgan. Asad davrida ham mamlakat valyutasini bosgan ushbu kompaniya rasmiy izoh berishdan bosh tortgan.





