
Suriya saroyida qurolli to‘qnashuv: Ahmad ash-Shar’aga qarata o‘q uzilgan
Suriya prezidenti Ahmad ash-Shar’a va «Hay’at tahrir ash-Shom» ichidagi radikal guruh o‘rtasidagi bahs qurolli to‘qnashuvga aylandi, prezident tan jarohatlari bilan qutuldi.

Suriyada hokimiyatni qayta shakllantirish jarayoni davom etayotgan bir paytda mamlakat rahbariyati ichida jiddiy inqiroz yuzaga keldi. Prezident Ahmad ash-Shar’a bilan Hay’at tahrir ash-Shom tarkibidagi radikal qanot o‘rtasidagi bahs yig‘ilish vaqtida qurolli to‘qnashuvga aylangani xabar qilinmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, radikal guruh Shar’aning siyosiy yo‘nalishini «haddan ziyod yumshoq» deb baholagan. Tomonlar o‘rtasidagi tortishuv tez orada nazoratdan chiqib, qurol ishlatilgan. To‘qnashuv Suriya prezidentlik saroyi hududida sodir bo‘lgani vaziyatning naqadar xavfli ekanini ko‘rsatdi.
Oqibatda HTSHning sobiq muftiysi og‘ir yaralangan. Uning ahvoli haqida rasmiy ma’lumotlar cheklangan, ammo mahalliy manbalar jarohat juda jiddiy ekanini ta’kidlamoqda. Bu holat Suriya ichidagi kuch muvozanati va islomiy guruhlar o‘rtasidagi ziddiyatlarni yanada ochiq namoyon qildi.
To‘qnashuv paytida prezident Shar’a hayotini shaxsiy qo‘riqchisi saqlab qolgani aytilmoqda. Xavfli vaziyatda qo‘riqchi o‘z tanasi bilan prezidentni yopib, uni o‘qlardan himoya qilgan. Natijada Shar’a yengil tan jarohatlari bilan qutulgan.
Hodisadan so‘ng prezident og‘ir yaralangani haqida tarqalgan xabarlarga javoban videomurojaat bilan chiqib, bu ma’lumotlarni rad etdi. Shu bilan birga, «Jerusalem Post» nashri Eron Shar’aga qarshi suiqasd rejalashtirayotgani haqida da’vo qildi. Nashrga ko‘ra, Isroil tomoni bu xavf haqida Damashqni oldindan ogohlantirgan.





