
Suriyada druzlar va badaviylar o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuvlar yana avj oldi
18.07.2025 | 23:0019403
Suriyaning janubiy hududlarida druz guruhlari va badaviy qabilalari o‘rtasidagi qurolli ziddiyat qaytadan shiddatli tus oldi. Janglar mamlakat ichidagi kelishmovchiliklar va tashqi zarbalar bilan yanada og‘irlashdi.

«Anadolu» agentligi xabar berishicha, zo‘ravonliklar druzlar yetakchisi Hikmat al-Hijriy tarafdorlari hukumat bilan avval tuzilgan kelishuvga qarshi chiqqani ortidan boshlangan. Ular o‘z hududlaridagi badaviylarni chiqarish choralarini ko‘ra boshlagan. Bu esa badaviylar tomonidan qarshi hujumlar bilan javob berilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, yuzlab qurollangan arab qabilalari Suriyaning boshqa viloyatlaridan kelib, badaviylar safini qo‘llab-quvvatlagan. 17 iyul kuni ular druzlar nazoratida bo‘lgan bir nechta aholi punktlarini egallab, Suvayda shahrining g‘arbiy qismiga yetib kelgan. Druz kuchlari markazga chekinib, mudofaani u yerga joylashtirgan. Hozirda shaharning g‘arbiy kirish qismida otishmalar davom etmoqda.
Suriya xavfsizlik kuchlari to‘g‘ridan to‘g‘ri aralashmayapti, ammo Suvayda yo‘llarida nazoratni kuchaytirgan.
13 iyulda boshlangan ochiq to‘qnashuvlar oradan ko‘p o‘tmay keng ko‘lamli janglarga aylangan. Hukumat kuchlari vaziyatni nazorat qilishga harakat qilgan, lekin druz tuzilmalarining hujumlari natijasida bir necha o‘nlab askar halok bo‘lgan. Vaqtincha otashkesimga erishilgan, biroq u ham tez orada buzilgan.
16 iyul kuni Isroil Suriya hududlariga bir necha zarba berdi. Prezident saroyi, Bosh shtab va Mudofaa vazirligiga qarshi havo hujumlari amalga oshirildi. Shu kuni mahalliy vositachilar ishtirokida Suvaydada yana otashkesimga erishildi. Ammo shu bilan birga Isroil aviatsiyasi Damashq va Daraa shaharlarini ham nishonga oldi.





