add

Suriyada yangi yildan valuta almashadi

Bugun 10:552431 daqiqa

Yangi banknotlar joriy etilishi iqtisodiy barqarorlikni tiklash va qadrsizlangan milliy pulga ishonchni oshirishga qaratilgan.

Suriyada yangi yildan valuta almashadi

Suriyada 2026 yil 1-yanvardan eski banknotlarni yangi kupyuralarga almashtirish jarayoni boshlanadi. Bu haqda mamlakat Markaziy banki rahbari Abdelqodir Husriya ma’lum qildi. Unga ko‘ra, jarayon markazlashgan tartibda amalga oshiriladi va aholiga qulaylik yaratish maqsadida aniq muddatlar hamda manzillar belgilanadi.

Rasmiy izohlarga ko‘ra, mazkur qadam Asad davriga tegishli banknotlardan bosqichma-bosqich voz kechish, pul aylanmasini tozalash va milliy valuta barqarorligini oshirishni ko‘zlaydi. Yangi hukumat o‘n yildan ortiq davom etgan urush, xalqaro sanksiyalar va moliyaviy yakkalanish ortidan zaiflashgan davlat institutlarini tiklashga intilmoqda.

Hozirgi prezident Ahmad ash-Shara’a rahbarligida iqtisodiyotni jonlantirish ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Uzoq yillik inqiroz natijasida Suriya funti keskin qadrsizlanib, aholi xarid qobiliyatiga jiddiy bosim o‘tkazgan.

Avgust oyida Reuters agentligi yangi kupyuralar joriy etilishida nominaldan ikkita nol olib tashlanishi rejalashtirilayotganini xabar qilgan edi. Bunday denominatsiya orqali bozorda hisob-kitoblarni soddalashtirish va pulga nisbatan ishonchni tiklash maqsad qilingan.

Ayrim moliyachilar bu jarayon qisqa muddatda inflatsiya xavfini oshirishi mumkinligidan xavotir bildirmoqda. Biroq Markaziy bank rahbariyati almashinuv bosqichma-bosqich va nazorat ostida o‘tishini ta’kidlamoqda. Qo‘shimcha tafsilotlar 27-dekabr kuni bo‘lib o‘tadigan matbuot anjumanida e’lon qilinishi kutilmoqda. Bu haqda Al Arabiya xabar berdi.

Teglar

Mavzuga oid

Suriyada yangi yildan valuta almashadi | Vaqt.uz