add

Suriyadagi qamoqxonadan ISHID mahbuslari qochib ketdi

Bugun 10:362 daqiqa

Suriya hukumatiga ko‘ra 120 nafar ISHID mahbusi qochgan, kurd manbalari esa qochgan mahbuslar soni 1 500 nafar ekanini aytmoqda.

Suriyadagi qamoqxonadan ISHID mahbuslari qochib ketdi

Suriya sharqidagi Shaddadi qamoqxonasidan jazo o‘tayotgan taxminan 120 nafar ISHID mahbusi qochib ketgan, deb xabar bermoqda «Reuters» agentligi Suriya Ichki ishlar vazirligiga tayangan holda. Hodisa Suriyada nazorat hududlari qayta taqsimlanayotgan bir paytda sodir bo‘lib, xavfsizlik bilan bog‘liq xavotirlarni kuchaytirdi.

Qidiruvga armiya jalb qilingan

Suriya ichki ishlar vazirligiga ko‘ra, mahbuslar qochganidan so‘ng Shaddadi shahri va uning atrofiga Suriya armiyasi bo‘linmalari hamda maxsus kuchlar jalb etilgan. Qidiruv amaliyotlari davomida hozircha 81 nafar qochqin qayta qo‘lga olingan.

Qolgan shaxslarni ushlash bo‘yicha choralar davom etmoqda.

O‘zi nechta odam qochdi?

Shu bilan birga, qamoqxonadan qochgan mahbuslar soni bo‘yicha ma’lumotlar bir-biridan keskin farq qiladi. Kurdlarning «Rudaw» nashri Suriya demokratik kuchlari matbuot kotibi Farhod Shomiyga tayanib, qamoqxonadan 1 500 nafarga yaqin ISHID a’zosi qochganini xabar qildi.

Rasmiy Damashq esa bu raqamlarni tasdiqlamayapti.

Kurdlarning qo‘li?

Suriya armiyasi mazkur qamoqxona avval Suriya demokratik kuchlari (SDK) nazoratida bo‘lganini ta’kidlab, kurd tuzilmalarini jangarilarni qasddan qo‘yib yuborishda aybladi. O‘z navbatida, SDK vakillari hukumat kuchlarining harakatlari oqibatida qamoqxona ustidan nazorat yo‘qotilganini bildirmoqda. Armiya esa qamoqxonaga hujum qilinganini inkor etib, asosiy maqsad hudud xavfsizligini ta’minlash ekanini aytmoqda.

Bu voqealar 18-yanvar kuni SDKning Raqqa va Dayr-az-Zavr viloyatlaridan chiqib ketishga rozi bo‘lgani ortidan yuzaga kelgan. 19-yanvardan boshlab mazkur hududlarda hukumat qo‘shinlari nazorat o‘rnatdi. SDK yetakchisi Mazlum Abdiy va amaldagi prezident Ahmad ash-Shar’a o‘rtasida imzolangan kelishuv esa kurd kuchlarini Suriya armiyasiga integratsiya qilishni ko‘zda tutadi.

Teglar

Mavzuga oid