
Surxondaryoda 15 mln dollarlik eko va tibbiy turizm markazi
07.09.2025 | 23:0021063
Surxondaryo viloyati Sherobod tumanidagi Xo‘jaikon tuz konida yirik investitsiya loyihasi amalga oshirilib, zamonaviy turizm va sog‘lomlashtirish infratuzilmasi quriladi.

Surxondaryo viloyati hokimligi ma’lumoticha, Eronning «Kapa Yurt Soon» kompaniyasi 15 mln dollarlik sarmoya bilan «Kapa Yurt Salt Town» tibbiy va ekoturizm kompleksini barpo etadi. Loyiha tuzli vannalar, sog‘lomlashtirish markazlari, modulli mehmonxonalar, shuningdek tuzni qazib olish, qayta ishlash va qadoqlash quvvatlarini o‘z ichiga oladi.
2025–2035 yillarda uch bosqichda amalga oshiriladigan dastur doirasida umumiy qiymati 12 mln yevroga teng qo‘shimcha investitsiya ham yo‘naltirilishi rejalashtirilgan. Kompleks hududida 500 o‘rinli 100 ta modulli mehmonxona, amfiteatr, hunarmandlar markazi va tuz muzeyi qurilishi ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga, «Tohir ota» ziyoratgohini qayta ta’mirlash ham rejaga kiritilgan.
Loyiha doirasida 200 mingga yaqin daraxt ekish, 1 gektar maydonda sun’iy tuzli ko‘l barpo etish ham nazarda tutilgan. Turistik zona zamonaviy elektr, gaz, internet va temiryo‘l infratuzilmasiga ulanadi.
Mutaxassislar ma’lumoticha, g‘orda nafas yo‘llari, allergiya, bronxit, terini va asab tizimi kasalliklarini tashxislash va davolash imkoniyati yaratiladi. Kompleks ishga tushgandan so‘ng 250 ta ish o‘rni yaratilib, yiliga taxminan 200 ming mahalliy va xorijiy sayyohlar jalb qilinishi kutilmoqda. Shuningdek, tuzning sanoat miqyosida eksporti yo‘lga qo‘yiladi.
Tomonlar hozirda loyihani chuqur tahlil qilish, joy tanlash va amalga oshirish bosqichlarini belgilash yuzasidan muzokaralar olib bormoqda.
Avvalroq Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumanidagi «Janubiy Surxon» suv omborida ekoturizm maskani qurish uchun 15,7 gektar maydon ajratilgani haqida xabar bergan edik.





