add

Surxondaryoda ayollar paxta terimiga majburiy jalb qilingani tasdiqlandi

14.10.2025 | 11:3026464

Surxondaryo viloyatining Qumqo‘rg‘on tumanida ayollarni majburiy ravishda paxta terimiga chiqarganlik holati aniqlandi. Bu haqda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi ma’lum qildi.

Surxondaryoda ayollar paxta terimiga majburiy jalb qilingani tasdiqlandi
Vazirlik ma’lum qilishicha, tuman hokimining o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Nigora Jumayeva mehnat qonunchiligini buzgani uchun jarimaga tortilgan. Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda uning ayollarni paxta terimiga chiqarishni talab qilayotgan audiosi tarqalgandi. Unda u har bir xotin-qizlar faolidan kamida ikki nafar ayolni o‘z bilan dalaga olib chiqishni talab qilgani eshitiladi. Jumayeva audioda: «Bosh vazir o‘rinbosari Mahkamova kelyapti, hazil qilmanglar. Hamma soat 7 da daladan bo‘lishi kerak», — degan. Qumqo‘rg‘on tuman hokimligi bu holatga izoh berib, ayollar «o‘z xohishi bilan» terimga chiqqanini ma’lum qilgan edi. Ammo vazirlik tekshiruvidan so‘ng bu mehnat majburiyligi deb topildi. Nigora Jumayevaga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51-moddasi 1-qismi asosida jarima qo‘llanildi. Unga ko‘ra, har qanday ma’muriy majburlash uchun BHMning 50 barobaridan 100 barbarigacha (20,6 mln – 41,2 mln so‘m) miqdorda jarima belgilanadi. Shuningdek, Buxoro shahridagi Abu Ali ibn Sino nomidagi Axborot-kutubxona markazi rahbari N.Aminova ham shunday qonunbuzarlik uchun jarimaga tortildi. Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, mavsum davomida hozirgacha 74 ta mehnat qonunchiligi buzilishi holati aniqlangan. 8 nafar mansabdor shaxs 51-modda bo‘yicha, qolganlar esa 49-modda asosida jarimaga tortilgan. Shuningdek, 1400 nafardan ortiq terimchi bilan rasmiy mehnat shartnomalari tuzishda amaliy yordam ko‘rsatilgan. Eslatib o‘tamiz, Surxondaryo paxtakorlari mamlakatda paxta topshirish shartnomaviy rejasini birinchi bo‘lib ortig‘i bilan bajardi. Ular qabul qilish punktlariga 275 ming 600 tonnadan ortiq xomashyosini yetkazib berishdi.

Teglar

Mavzuga oid