
Surxondaryoda qarz uchun boshqa davlat fuqarosi garovga berilgani aniqlandi
Denov tumanida Tojikiston fuqarosini noqonuniy ushlab, qarz qaytmagani uchun qiynoqqa solgan shaxs qo‘lga olindi.
© Фото: t.me/xavfsizlik_uz Surxondaryo viloyatining Denov tumanida Tojikiston fuqarosini qarz munosabatlari ortidan garov sifatida ushlab turish holati aniqlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati ma’lum qildi. Holat huquq-tartibot organlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida fosh etilgan.
Ma’lum qilinishicha, Denov shahrida yashovchi, 1993 yilda tug‘ilgan va muqaddam sudlangan shaxs 1993 yilda tug‘ilgan, Tojikiston fuqarosini noqonuniy ravishda tutqunlikda saqlab kelgan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, u Dushanbe shahrida yashovchi 1988 yilda tug‘ilgan tanishiga 11 ming AQSH dollari qarz bergan. Qarz qaytarilishiga kafolat sifatida esa uning sherigini Denov tumanida olib qolgan.
Voqea tafsilotlari
Qarz mablag‘lari belgilangan muddatda qaytarilmaganidan so‘ng, jabrlanuvchi shaxsga nisbatan zo‘ravonlik qo‘llangan. U tutqunlikda saqlanib, turli xil qiynoqlarga solingan va natijada unga og‘ir darajada tan jarohatlari yetkazilgan. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan jabrlanuvchi ozod qilinib, gumonlanuvchiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Shu bilan birga, 24-yanvar kuni Surxondaryoda Telegram tarmog‘ida «Alfa» nomli guruh ochib, o‘zlarini shu nom bilan atab kelgan shaxslar qo‘lga olingani haqida xabar berilgan edi. Denov tumanida yashovchi, sportning turli yo‘nalishlari bilan shug‘ullanib kelgan va ko‘chada bezorilik qilgan olti nafardan iborat jinoiy guruhning noqonuniy faoliyatiga chek qo‘yildi. Tergov harakatlari davom etmoqda.





