
Surxondaryoda sobiq direktor ishdan bo‘shatilgandan so‘ng o‘zini yoqib yubormoqchi bo‘ldi
Qumqo‘rg‘on tumanidagi maktabni 15 yil boshqargan ayol ishdan bo‘shatilgandan keyin yangi rahbar faoliyatini boshlashiga qarshi chiqib, o‘zini yoqishga uringan.

Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumanidagi 39-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida ayol kishi o‘zini benzin bilan yoqib yuborishga uringan videolavha tarqaldi. Voqea jamoatchilik orasida katta muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Surxondaryo viloyati Maktnabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, mazkur maktabda 2010 yildan 2025 yil 16 sentabrigacha Z.A. nomli shaxs direktor sifatida faoliyat yuritgan.
Biroq boshqarmaning shu sanadagi buyrug‘iga asosan u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 157-moddasiga muvofiq bekor qilingan.
Ta’kidlanishicha, sobiq direktor yangi rahbarning vazifani qabul qilib olishiga qarshi chiqqan. 13 oktabr kuni maktabda tayinlov hujjatlarini topshirish jarayonida u faol qarshilik ko‘rsatgan va o‘zini yoqib yuborishga uringan. Hodisa vaqtida hech kim tan jarohati olmagani qayd etilgan.
Boshqarma qaroriga muvofiq, 39-sonli maktab rahbarligiga belgilangan tartibda Ye.A. tayinlangan. Ayni paytda ta’lim muassasasida o‘quv jarayoni barqaror ravishda davom etmoqda.





