add

Surxondaryoda to‘rtta tumanga yangi hokimlar tayinlandi

Bugun 19:182 daqiqa

Termiz, Qumqo‘rg‘on, Denov va Oltinsoy tumanlariga yangi hokimlar tayinlandi. Ulardan hududiy rivojlanish sur’atlarini jadallashtirish kutilayapti.

Surxondaryoda to‘rtta tumanga yangi hokimlar tayinlandi

Surxondaryo viloyatida mahalliy ijro hokimiyati tizimida navbatdagi kadrlar tayinlovi amalga oshirildi. Termiz, Qumqo‘rg‘on, Denov va Oltinsoy tumanlariga yangi hokimlar tayinlanib, ular oldiga hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, investitsiyalarni jalb qilish va boshqaruv samaradorligini oshirish vazifalari qo‘yilmoqda.

Shuhrat Iskandarovich Qalandarov Termiz tumani hokimi vazifasiga tayinlandi.

Sh.Qalandarov 1981-yilda Denov tumanida tug‘ilgan. 2004 yilda Termiz davlat universitetini, 2015 yilda O‘zbekiston Respublikasi davlat soliq qo‘mitasi soliq akademiyasini soliqlar va soliqqa tortish mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan.

Mehnat faoliyati davomida soliq organlarida turli vazifalarda, xususan, Termiz tumanida davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i, Termiz va Sariosiyo tumanlari hamda Termiz shahrida hokimning birinchi o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan.

Tayinlovga qadar Termiz tumani hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari - Iqtisodiyot va moliya bo‘limi boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritgan.

Farrux Omon o‘g‘li Xoliqov Qumqo‘rg‘on tumani hokimi etib tayinlandi. U 1985 yilda Qashqadaryo viloyati Kitob tumanida tug‘ilgan. Farrux Xoliqov 2009 yilda Toshkent davlat yuridik institutini, 2016 yilda Bosh prokuratura oliy o‘quv kursini huquqshunoslik mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan.

Mehnat faoliyati davomida u prokuratura organlarida turli lavozimlarda ishlagan. Xususan, Uzun va Sho‘rchi tumanlari prokurori sifatida faoliyat yuritgan. Tayinlovga qadar esa Denov tumani prokurori lavozimida ishlab kelgan. Uning huquqni muhofaza qilish tizimidagi tajribasi tumanda qonun ustuvorligi, ijtimoiy barqarorlik va tadbirkorlik muhitini yaxshilashga xizmat qilishi kutilmoqda.

Qumqo‘rg‘on tumanining avvalgi hokimi Anvar Normamatov esa Denov tumani hokimi etib tayinlandi.

A.Normamatov 1981 yilda Angor tumanida tug‘ilgan. 2003-yilda O‘zbekiston Respublikasi IIV akademiyasini huquqshunoslik yo‘nalishi bo‘yicha tamomlagan.

Mehnat faoliyati davomida Ichki ishlar organlarida turli mas’ul lavozimlarda xizmat qilgan. Jumladan, Sariosiyo, Uzun va Qiziriq tumanlari hamda Termiz shahar Ichki ishlar bo‘limlarida boshliq, Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining jamoat tartibini saqlash bo‘yicha o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan.

Oltinsoy tumani hokimi lavozimiga esa Otabek Rustamovich Mavlonov tayinlandi. Ushbu tayinlovga qadar u Surxondaryo viloyati Investitsiyalar, sanoat va tashqi savdo boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat olib borgan.

Otabek Mavlyanovning investitsiya va sanoat sohasidagi tajribasi Oltinsoy tumanida yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish, xorijiy va mahalliy sarmoyalarni jalb etish hamda eksport salohiyatini oshirishga qaratilgan vazifalarni amalga oshirishda muhim omil sifatida baholanmoqda.

Teglar

Mavzuga oid