
Surxondaryoda yengil yuk avtomobillari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi
15.08.2025 | 11:0017573
Denov tumanida yiliga 5 mingta yengil yuk avtomobili ishlab chiqara oladigan yangi korxona faoliyati boshlandi.

Viloyat hokimligi ma’lumotiga ko‘ra, loyiha umumiy qiymati $30 mln bo‘lib, «Humo New Energy» kompaniyasi tomonidan amalga oshirildi. Korxona ishga tushirilishi bilan 150 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
2018 yilda ro‘yxatdan o‘tgan «Humo New Energy» asosan chuchuk suv baliqchiligi bilan shug‘ullangan. Kompaniyaning 95,8 foizi Qulmatova Ozoda Qarshiyevnaga, 4,2 foizi esa Radjabov To‘raqul Boboniyozovichga tegishli. Direktor lavozimida Qulmatova Muhtabarxon Ismatovna faoliyat yuritadi.
Yangi zavodda ishlab chiqarilayotgan arzon va sifatli yengil yuk mashinalarining asosiy butlovchi qismlari mahalliy sharoitda tayyorlanadi. Bu esa aholiga hamyonbop va ishonchli transport vositalari taklif qilish imkonini beradi.
Loyihaning keyingi bosqichida yengil yuk elektromobillari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan. May oyida Xitoyning Dongfeng kompaniyasi ham Surxondaryoda elektr furgonlar, mini yuk mashinalari va ko‘p maqsadli transport vositalari ishlab chiqarish bo‘yicha taklif kiritgan edi.
Avvalroq O‘zbekiston avtomobil bozorida narxlar oshishiga qaramay, savdo ham oshgani haqida xabar bergan edik.





