
Suyultirilgan gaz ta’minotida 60–70 kunlik uzilishlar kuzatilmoqda, ma’sullar nima bilan band
16.06.2025 | 11:206963
Prezident Shavkat Mirziyoyev hukumat yig‘ilishida mas’ullar tartib-intizomga yetarli e’tibor bermayotgani sababli islohotlar vaqtida amalga oshmayotganini tanqid qildi. Davlat rahbari ayrim sohalardagi kechikishlar aholi turmushiga bevosita ta’sir qilayotganini qayd etdi.

Jumladan, suyultirilgan gaz ta’minotida 60–70 kunlik uzilishlar kuzatilmoqda. Bu holat ayniqsa Andijon va Surxondaryo viloyatlarida aholi murojaatlarining 70 foizini tashkil qilmoqda. Prezident bu muammoni hal etish uchun mas’ullarga ikki hafta muhlat berdi va qat’iy ogohlantirish qildi: agar yechim topilmasa, rahbarlar javobgarlikni o‘zlari yuklashiga tayyor turishsin.
Yig‘ilishda elektr energiyasi iste’moli masalasi ham ko‘tarildi. Yoz mavsumidagi issiq kunlar sababli elektr talabining ortishi kutilmoqda. Bu sharoitda ikki oy avval tashkil etilgan Energiya samaradorlik agentligi faoliyatiga alohida e’tibor qaratildi. Agentlikka davlat tashkilotlari va korxonalarda oylik iste’moli 500 kWhdan ortiq bo‘lgan xodimlar ro‘yxatini tayyorlash topshirildi.
Ushbu xodimlarga energiya tejovchi texnologiyalarga o‘tish uchun «yashil ta’mir» krediti yoki subsidiyalar ajratilishi mumkin. Zarur hollarda byudjetdan tashqari jamg‘armalar hisobidan ssuda berish ham ko‘zda tutilmoqda.
Yig‘ilishda yil yakunigacha iste’moli yuqori bo‘lgan kamida 100 ming xonadon energiya samarador tizimlarga o‘tishi zarurligi ta’kidlandi. Bu orqali na faqat aholining turmush sharoiti yaxshilanadi, balki umumiy iste’molda ham iqtisodiy samaradorlikka erishiladi.





