«Suyunchi puli»: u qachondir yana barcha chaqaloqlar uchun beriladimi?
2026 yilda suyunchi puli saqlanadi, ammo uning qamrovi sezilarli qisqargan. Tug‘ilishlar pasayib, ijtimoiy to‘lovlar ulushi kamayib borayotgan bir paytda uni to‘liq tiklash masalasi nega kun tartibiga chiqmayapti?

2026 yilda birinchi farzand uchun beriladigan bir martalik nafaqa — suyunchi puli tartibi o‘zgarmaydi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi bu masala kun tartibida emasligini bildirdi. Ammo ijtimoiy to‘lovlar qisqarib, tug‘ilishlar pasayib borayotgan sharoitda bu qaror qanday signal beradi?
Vazirlik departamenti direktori Sherzod Muhamedov «Gazeta.uz»ga shunday degan:
«Ushbu tartibni o‘zgartirish bo‘yicha hech qanday reja yo‘q. Tizimni qayta ko‘rib chiqishga doir biror ishlanma yoki tashabbus olib borilmayapti. 2026 yilda ham amaldagi tartib saqlanib qoladi».
Hozir davlat har bir tug‘ilgan farzand uchun eng kam ish haqining 70,3 foizi miqdorida, ya’ni 893,5 ming so‘m nafaqa to‘lamoqda.
Qaror izohsiz qolgan
2024 yil 1-apreldan boshlab suyunchi puli faqat birinchi farzand tug‘ilganda to‘lanadigan bo‘ldi. Ikkinchi farzand uchun esa nafaqa faqat Ijtimoiy himoya reyestriga kiritilgan oilalarga beriladi. Qolgan holatlarda to‘lov amalga oshirilmaydi.
Hukumat ushbu cheklov nega joriy etilgani bo‘yicha rasmiy izoh bermagan. Demak, jamoatchilik uchun asosiy savol ochiq qolmoqda: qisqartirilgan to‘lovlar hisobidan tejalgan mablag‘ qayerga yo‘naltiriladi?
Tug‘ilish kamaydi, suyunchi puli ham qisqardi
O‘zbekistonda tug‘ilishlar ketma-ket ikkinchi yil qisqarib bormoqda. Qizig‘i, ikkinchi va undan keyingi farzandlar tug‘ilganda beriladigan suyunchi pulini bekor qilish ham ayni shu davrda boshlanishiga to‘g‘ri kelgan.
Xususan, 2025 yil davomida O‘zbekistonda 879,6 mingta tug‘ilish qayd etildi. Bu oxirgi 5 yillikdagi eng past ko‘rsatkich.
Tug‘ilishlar soni 2024 yilga nisbatan 46,8 ming kishiga (-5 foiz), 2023 yilga nisbatan esa 82,4 ming kishiga (-8,5 foiz) qisqardi. Bu degani suyunchi pulini oluvchilar soni ham avtomatik ravishda qisqardi.

Budjet: qisqarish ustiga qisqarish
2025 yilgi Budjetnomada nafaqalar, moddiy yordam va kompensatsiya to‘lovlari uchun 17,3 trln so‘m ajratilishi rejalashtirilgan edi. Ammo yil yakuniga kelib bu ko‘rsatkich 16,8 trln so‘m atrofida bo‘lishi kutilmoqda. Ya’ni ijtimoiy xarajatlar 500 mlrd so‘mga yana kamaymoqda.
Muhimi, bu mablag‘ avvaldan qisqartirilgan yo‘nalish edi. Endi esa shu qisqartirilgan summaning o‘zi ham to‘liq o‘zlashtirilmayapti.
2026 yil uchun ushbu yo‘nalishga 17 trln so‘m rejalashtirilgan. Bu jami budjet xarajatlarining atigi 4,2 foizi.
Solishtirish uchun, O‘zbekiston «ijtimoiy davlat» deb e’lon qilinishidan avval — 2022 yilda — ijtimoiy to‘lovlar budjetning 8,2 foizdan ziyodini tashkil etgan va 19,4 trln so‘mga teng bo‘lgan. Uch yil ichida ulush deyarli ikki barobar kamaygan.
Suyunchi puli: raqamlar nimani ko‘rsatyapti?
Suyunchi puli bo‘yicha alohida ko‘rsatkichlar ham pasaymoqda. 2025 yilda 275,1 mlrd so‘m ajratish rejalashtirilgan bo‘lsa, amalda 240,8 mlrd so‘m atrofida ijro kutilmoqda. 2026 yilda esa bu mablag‘ yana qisqartirilib, 229,8 mlrd so‘mga tushirilgan.

Nafaqa oluvchilar soni bo‘yicha ham prognozlar o‘zgargan. 2025–2027 yilgi Budjetnomada 2025 yilda 372 624 nafar, 2026 yilda 380 076 nafar, 2027 yilda 383 876 nafar oluvchi bo‘lishi rejalashtirilgan edi.
Biroq 2026–2028 yilgi budjetda bu raqam 247 463 nafar etib belgilangan. Bu avvalgi rejalarga nisbatan keskin qisqarishni anglatadi.
Bu raqamlar faqat demografik pasayish emas, balki davlatning ijtimoiy yondashuvi o‘zgarayotganini ham ko‘rsatadi. Chunki qamrov qisqarishi tug‘ilish dinamikasidan ham tezroq kechmoqda.
«Qisqarishni boshlagan tug‘ilishni to‘xtatish albatta qiyin, keyin arzimagan suyunchi puli tugul katta pul berib ham to‘xtatib bo‘lmaydi. Lekin suyunchi pulining mohiyati — O‘zbekiston dunyoga kelgan bolalarni birinchi, ikkinchi va uchinchi deb ajratmasligida edi», — deb yozadi iqtisodchi Otabek Bakirov yozadi.
Raqamlarga qaralsa, tug‘ilishlar kamayishi bilan birga ularga ajratilayotgan ijtimoiy nafaqalar, xususan suyunchi puli ham qisqarmoqda. Masala faqat mablag‘da emas, davlatning barcha yangi tug‘ilgan bolaga munosabatida.
Agar O‘zbekiston o‘zini ijtimoiy davlat deb atayotgan bo‘lsa, har bir bolaga bir xil yondashuv muhim. Bakirov ta’kidlaganidek, bolalarni birinchi, ikkinchi yoki uchinchi deb ajratmaslik tamoyili saqlanishi kerak. Bunday qarorlar jim qabul qilinib ketmasligi kerak. Bunday qarorlar esa ochiq muhokama qilinishi, parlament va partiyalar kamida tashabbus bilan chiqishi zarur.
Teglar






