«Boshqalarga xizmat qilish — bu yorug‘ olamda yashash uchun to‘laydigan ijara haqimizdir»: Muhammad Ali vafotiga 10 yil to‘ldi
Bokschi nomi bilan ataluvchi markaz butun dunyoni marhumning xotirasi uchun bu kunda ezgu amallar va muhtojlarga g‘amxo‘rlik qilishga chaqirmoqda.

Muhammad Ali tug‘ilib o‘sgan shahar uning xotirasini xalqaro «Mehr-shafqat kuni» bilan yod etmoqda. Marhumning turmush o‘rtog‘i ta’kidlashicha, bokschining qoldirgan merosi jahon chempionligi yoki Olimpiada oltin medallaridan-da kengroq va teranroq ma’noga ega.
Parkinson kasalligi bilan uzoq yillar kurashib, 2016 yilning 3-iyunida vafot etgan Ali shu hafta Luisvilldagi o‘z nomi bilan ataluvchi markazda xotirlanmoqda. Ushbu markaz butun dunyo ahlini bugungi sanani ezgu amallar va insonlarga g‘amxo‘rlik qilishga bag‘ishlashga chorlamoqda.
«Uning ta’sir doirasi faqatgina boks ringi bilan cheklanib qolmay, inson tasavvur qila oladigan barcha sohalarni qamrab olgandi. Muhammad doimo bir shior bilan yashardi: “Boshqalarga xizmat qilish — bu yorug‘ olamda yashash uchun to‘laydigan ijara haqimizdir”. U har bir kunini muhtojlarga nisbatan cheksiz mehr va hamdardlik tuyg‘usi bilan o‘tkazardi» — dedi Lonni Ali.
O‘z ona shahrida «Louisville Lip» (Luisvillik tili biyron) laqabini olgan Ali oddiy oiladan yetishib chiqib, og‘ir vazn toifasida uch karra jahon chempioni va 1960 yilgi Rim Olimpiadasining oltin medali sohibiga aylandi.
1960 yillarda shuhrat cho‘qqisiga chiqqan bir paytda, u fuqarolik huquqlari va Viyetnam urushi masalalarida o‘z pozitsiyasini ochiq-oydin bildiruvchi jamiyat faoliga aylandi. Shu tariqa u barcha davrlarning eng nufuzli sportchilaridan biri sifatidagi maqomini mustahkamlagan.
«Bu kun Muhammad Alini shakllantirgan asosiy qadriyatlardan biriga bag‘ishlanadi», — dedi u.
Shu bilan birga, Lonni xonim Qo‘shma Shtatlar jamiyati «o‘z insoniyligi va o‘zaro rishtalarini yo‘qotib borayotganidan» xavotir bildirdi.
«Biz borgan sari qutblanib, bir-birimizdan uzoqlashmoqdamiz va xuddi o‘zimizdek fikrlaydigan, o‘zimizga o‘xshaydigan odamlar qobig‘iga o‘ralib olmoqdamiz — boshqalarga esa aslida yordam qo‘lini cho‘zmayapmiz», — deya qo‘shimcha qildi u.
Shuningdek, Lonni Ali siyosiy yetakchilarni «mehr-shafqat bilan rahbarlik qilishga» chaqirdi va 1965 yilda qabul qilingan tarixiy «Saylov huquqlari to‘g‘risidagi» qonunni kuchsizlantirishga qaratilgan xatti-harakatlarni tanqid ostiga oldi.
«Biz jamiyatni qanday qilib qiyin ahvolga solib qo‘yish emas, balki uning farovonligini oshirish ustida bosh qotirishimiz kerak. Odamlarni saylov huquqidan mahrum qilar ekansiz, hech qachon tenglikka erisha olmaysiz», — deya ta’kidladi u.
Lonni xonimning eslashicha, 2016 yilda Muhammad Alining xotirasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan bir haftalik marosimlar davomida Luisvill aholisi misli ko‘rilmagan darajada jipslashgan. O‘shanda marhumning tobuti bolalikda yashagan uyi yonidan olib o‘tilayotganda minglab insonlar ko‘chalarga chiqqan, yana millionlab odamlar esa bu tarixiy jarayonni onlayn kuzatib borgan.
Oradan o‘n yil o‘tib, Alining siymosi AQSH pochta markalarida ham aks etdi. Lonni Alining so‘zlariga ko‘ra, bu marhumning jasorat, e’tiqod va ezgulikka chorlovchi g‘oyalari «qirollar va shahzodalardan tortib, to u bilan hech qachon ko‘rishmagan, ammo uning qalbini his qila olgan oddiy muxlislar» yuragida hamon aks-sado berayotganining yorqin isbotidir.

Og‘ir vazn toifasidagi jahon chempioni Muhammad Ali (o‘ngda) 1973 yil 14-fevral kuni Nevada shtatining Las-Vegas shahrida bo‘lib o‘tgan 12 raundlik jang davomida og‘ir vaznda Buyuk Britaniya va Yevropa chempioni Jo Bugnerga zarba bermoqda.

1973 yil 23-avgust kuni Muhammad Ali Ken Nortonga qarshi revansh jangiga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida Pensilvaniya shtatining Dir-Leyk maskanidagi mashg‘ulot lagerida bolta bilan daraxt chopmoqda. Hozirda qayta ta’mirlangan tabiat qo‘ynidagi mazkur lager 2019 yilda bokschining hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan yodgorlik majmuasi sifatida omma uchun o‘z eshiklarini ochgan.

1974 yil 17 sentabr kuni Kinshasa shahri markazida Muhammad Ali Jorj Formanga qarshi og‘ir vazn toifasidagi chempionlik unvoni uchun kechadigan «Junglidagi jang» oldidan muxlislar tomonidan kutib olinmoqda.

2005 yilning noyabr oyida AQSH prezidenti Jorj Bush Oq uyda og‘ir vazn toifasidagi sobiq chempion Muhammad Aliga prezidentning «Ozodlik» medalini topshirmoqda.

Muhammad Aliga (markazda) 2012 yil 3-dekabr kuni Meksikaning Kankun shahrida bo‘lib o‘tgan Butunjahon boks kengashining 50-konvensiyasida «Boks qiroli» toji kiydirilmoqda. Unga rafiqasi Lonni (o‘ngda) va argentinalik bokschi Serxio Martines hamrohlik qilmoqda.

2016 yil 10-iyun kuni Kentukki shtatining Luisvill shahrida ko‘cha bo‘ylab saf tortgan odamlar oldidan Muhammad Alining dafn marosimi korteji o‘tmoqda.

Muhammad Alining tobutini olib ketayotgan mashina uning bolalikdagi uyi (suratning yuqori markaziy qismida tasvirlangan) oldidan o‘tmoqda.

2026 yil 8-yanvar kuni Kentukki shtatining Luisvill shahridagi Muhammad Ali markazida boks afsonasining bevasi Lonni Ali uning 1975 yilda chizilgan portreti haqida so‘zlamoqda.

2026 yil 15-yanvar kuni Kentukki shtatining Luisvill shahrida boks afsonasi Muhammad Ali xotirasiga bag‘ishlangan esdalik markalari sotilmoqda.





