Pekin «rus shimoli»ga tobora chuqurroq kirib bormoqda

Rossiya Xitoyga o‘z gazi uchun muhim bozor sifatida qarayotgan bir vaqtda, Pekin Arktikadagi resurslar va infratuzilmadagi ishtirokini kuchaytirmoqda. «Sibir kuchi–2» loyihasi taqdiri esa hali ham Xitoy qarorlariga bog‘liq.

Pekin «rus shimoli»ga tobora chuqurroq kirib bormoqda

Rossiya prezidenti Vladimir Putinning joriy yil 20-may kuni Pekinga qilgan tashrifi G‘arb bilan davom etayotgan ziddiyatlar fonida Rossiya va Xitoy sherikligining mustahkamligini namoyish etishi kutilgan edi. Biroq Putin Xitoydan hech qanday yirik kelishuvsiz qaytdi — tomonlar «Sibir kuchi – 2» gaz quvuri qurilishi bo‘yicha baribir bir to‘xtamga kela olmadi. Aslida Xitoy raisi Si Jinping Rossiya yetakchisiga nisbatan xuddi bir hafta oldin AQSH prezidenti Donald Tramp bilan qo‘llagan taktikasini ishlatdi. Tramp ham Pekindan tarif muzokaralari bo‘yicha hech qanday sezilarli yutuqsiz qaytgan, qolaversa, Xitoydan Ho‘rmuz bo‘g‘ozi qamali masalasida aniq bir pozitsiyani undira olmagan edi.

1

Berlindagi Karnegi markazi rahbari Aleksandr Gabuyevning yozishicha, bugungi kunda aynan «Sibir kuchi – 2» loyihasi atrofidagi voqealar Moskva va Pekin o‘rtasidagi munosabatlar qanday o‘zgarayotganini ko‘rsatib beruvchi eng yorqin indikator bo‘lib turibdi. Ma’lumki, mazkur loyiha orqali ilgari Yevropaga yo‘naltirilgan G‘arbiy Sibir konlaridan Xitoyga yiliga qo‘shimcha 50 milliard kub metr gaz yetkazib berilishi ko‘zda tutilgan. Rossiya ommaviy axborot vositalari tomonidan Pekin muzokaralarining asosiy «koziri» sifatida taqdim etilgan ushbu loyiha yuzasidan Xitoy tomoni umuman izoh bermadi.

Rossiyalik mulozimlar esa, o‘z navbatida, bir-biriga zid bayonotlar bilan chiqishdi. Jumladan, bosh vazir o‘rinbosari Aleksandr Novak muzokaralarda «sezilarli siljish» bo‘lganini aytgan bir paytda, Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov loyihani amalga oshirish muddatlari hanuzgacha kelishilmaganini tan oldi.

2

Hozirda «Gazprom» Xitoyga gazni 2049 yilda muddati tugaydigan 30 yillik shartnoma doirasida yetkazib bermoqda. Statistikaga ko‘ra, 2025 yilda Rossiyadan Xitoyga gaz eksporti taxminan 25 foizga oshib, 38,8 milliard kub metrga yetgan. Putinning o‘tgan yil sentabr oyidagi tashrifi chog‘ida Pekin va Moskva bu hajmni yana 6 milliard kub metrga — yiliga 44 milliard kub metrgacha oshirishga kelishib olgan edi. Shuningdek, Xitoy 2027 yildan boshlab Saxalindagi quvur orqali ham gaz sotib olishni boshlashga va’da bermoqda, bu esa qo‘shimcha 12 milliard kub metr deganidir.

Umumiy hisobda Rossiya Xitoyga yiliga qariyb 60 milliard kub metr gaz eksport qiladi. Biroq bu ko‘rsatkich baribir Rossiyaning urushdan oldin Yevropaga qilgan eksportidan, ya’ni 177 milliard kub metrdan qariyb uch baravar kam. Agar «Sibir kuchi – 2» loyihasi ishga tushsa, bu Rossiyaga XXRga gaz yetkazib berishni yana 50 milliard kub metrga (jami qariyb 110 milliard kub metr) oshirishga yordam bergan bo‘lardi. Biroq Pekin hozircha ochiqchasiga vaqtni paysalga solmoqda. Sababi, bugungi kunda aynan Xitoy tomoni qaysi Rossiya loyihalari o‘ziga kerakligini va ular qanday shartlar asosida amalga oshirilishini mustaqil belgilab bermoqda. 

Moskva Eron atrofidagi vaziyatning keskinlashuvi va Ho‘rmuz bo‘g‘ozining yopilib qolish xavfi Xitoyni gaz yetkazib berishning yangi quruqlikdagi yo‘nalishini tezroq ishga tushirishga undaydi, deb qattiq umid qilgan edi. Ammo, ko‘rinib turganidek, Xitoy bu masalada sira shoshilishni istamayapti.

3

Gabuyevning ta’kidlashicha, buning sababi shundaki, Xitoy so‘nggi yigirma yil ichida o‘z energetika tizimini tubdan o‘zgartirib ulgurdi. Rossiya «Sibir kuchi – 2» bo‘yicha kelishuvga erishishga urinayotgan bir paytda, Xitoy suyultirilgan tabiiy gaz terminallari hamda atom va gidroelektr stansiyalarini barpo etib, qayta tiklanuvchi energetika ko‘lamini sezilarli darajada kengaytirdi. Bugungi kunga kelib Pekin Rossiya gazini «Sibir kuchi – 1» quvuri orqali olmoqda, bunga parallel ravishda esa Qatar va Avstraliyadan yangi ta’minot yo‘nalishlarini rivojlantirmoqda. Shu bilan birga, mamlakatning qazib olinadigan yoqilg‘i turlariga qaramligi muttasil kamayib bormoqda. Natijada Rossiyaning Xitoy bozoriga ehtiyoji tobora ortib borayotgan bo‘lsa, Pekinda muqobil tanlov imkoniyatlari yetarlicha. Moskvada esa bunday tanlov amalda yo‘q hisobi.

Yevropa bilan aloqalar uzilganidan so‘ng, Rossiya o‘z xomashyo eksportini Xitoy va Hindistonga yo‘naltirishga majbur bo‘ldi. Biroq 2025 yilning noyabr oyida AQSH Nyu-Deliga bosimni kuchaytirib, bu mamlakatni Rossiya neftidan amalda voz kechishga undadi.

Joriy yilning mart oyida Ho‘rmuz bo‘g‘ozining qamal qilinishi va AQSH tomonidan sanksiyalarning ma’lum ma’noda yumshatilishi fonida Hindiston Rossiyadan xomashyo xarid qilishni qayta tikladi. Biroq mazkur hamkorlikning qanchalik uzoq davom etishi noma’lum: agar Vashington sanksiyalarni yana kuchaytirsa, Nyu-Deli Rossiya nefti importini takroran to‘xtatib qo‘yishi hech gap emas. Ushbu jarayonlar fonida, 2025 yilning boshida Xitoy uchun Rossiyaning «Urals» markali neftiga beriladigan chegirma bozor qiymatining taxminan 3 foizini tashkil qilgan bo‘lsa, yil oxiriga borib (Hindistonning xariddan bosh tortishi ortidan) ushbu chegirma miqdori 8,3 foizgacha ko‘tarildi.

Savdo sohasi

Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi ziddiyat boshlanganidan so‘ng, Xitoy Moskvaning asosiy savdo hamkoriga aylandi. Xitoy bojxona xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, faqatgina 2026 yilning dastlabki to‘rt oyida ikki tomonlama savdo hajmi yana 20 foizga o‘sib, 85 milliard dollarga yetgan. 2025 yilda ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 245 milliard dollardan oshib, yangi tarixiy rekordni qayd etgan edi.

E’tiborlisi shundaki, Rossiya bu savdoda ijobiy saldoga (profitsitga) ega. O‘tgan yili Rossiyaning Xitoyga qilgan eksporti Xitoydan qilingan importdan 21,5 milliard dollarga oshib ketdi. Xuddi shu tendensiya joriy yilda ham saqlanib qolmoqda. Xususan, 2026 yilning yanvar-mart oylarida Xitoyning Rossiyaga qilgan eksporti 27,66 milliard dollarni tashkil etgan bo‘lsa, Rossiyaning Xitoyga eksporti 33,6 milliard dollarga yetdi. Yilning dastlabki uch oyi yakunlariga ko‘ra, Moskvaning umumiy profitsiti 5,93 milliard dollarni tashkil qildi.

4

Ammo savdo tarkibiga jiddiyroq e’tibor qaratsak, manzara biroz boshqacha tus oladi. Rossiya eksportining asosiy qismini Xitoy katta chegirmalar evaziga sotib oladigan xomashyo (neft, gaz, kerosin) tashkil etadi. Bunga javoban esa Rossiyaga yuqori qo‘shilgan qiymatga ega va ilm-fan yutuqlariga asoslangan tovarlar oqimi kirib kelmoqda. Bular qatoriga Xitoy elektronikasi, avtomobillari va, eng muhimi, sanksiyalar sharoitida Rossiya harbiy sanoati uchun o‘ta zarur bo‘lgan ikkilamchi maqsadda (ham fuqarolik, ham harbiy) ishlatiladigan mahsulotlarni kiritish mumkin.

Putinning Pekinda imzolagan 42 ta kelishuvining aksariyati ilm-fan va oliy ta’lim sohasidagi hamkorlikka qaratilgan bo‘lsa-da, savdo bitimlari orasida o‘ta muhimlari ham yo‘q emasdi. Xususan, Si Jinping va Putinning o‘zaro hisob-kitoblar to‘liq rubl va yuanga o‘tkazilgani, savdo tizimi esa «tashqi ta’sirlardan himoyalangani» haqidagi qo‘shma bayonoti Rossiya valutasining so‘nggi uch yil ichidagi eng keskin mustahkamlanishiga turtki berdi. Moskva birjasi ma’lumotlariga ko‘ra, may oyining yigirmanchi sanalarida rubl 1,6 foizga kuchayib, bir yuan uchun 10,45 rubl darajasiga yetgan. Aprel oyidan buyon esa rubl dollarga nisbatan naq 12 foizga, yuanga nisbatan esa 11 foizga qimmatlashdi.

Xitoyga Arktika nima uchun kerak?

Xitoy 2018 yildayoq o‘zining «Arktikaga yondosh davlat» maqomini rasman mustahkamlab qo‘ygan va shimoliy hududlarni strategik mintaqa deb hisoblaydi. «China Research Center» tahlilchilarining qayd etishicha, Pekinning xayrixohligini saqlab qolish uchun Moskva Xitoyni o‘zining Arktikadagi loyihalariga yanada yaqinlashtirishga majbur bo‘lmoqda. Xitoy kompaniyalari allaqachon «Arktik SPG-2» terminali aksiyalarining qariyb 20 foiziga, «Yamal SPG» aksiyalarining esa taxminan 30 foiziga egalik qilmoqda. Qolaversa, ular Rossiyadagi eng yirik litiy koni — Murmansk oblastidagi Kolmozero konini o‘zlashtirish jarayonlariga ham qo‘shildi.

AQSH va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlar sovuqlashgach, Pekin Amerika floti yoki qo‘shni davlatlar tomonidan nazorat qilinishi mumkin bo‘lgan yo‘nalishlarga qaramlikni kamaytirishga faol intilmoqda. Bu o‘rinda gap faqat Ho‘rmuz bo‘g‘ozi haqida emas, balki Indoneziya va Malayziya o‘rtasidagi Malakka bo‘g‘ozi haqida ham bormoqda. Butun jahon savdosining 22 foizigacha bo‘lgan qismi aynan ushbu bo‘g‘oz orqali o‘tadi va shu sababli uni Xitoy iqtisodiyotining «eng nozik nuqtasi» deb atashadi.

Atlantika kengashining Global Xitoy markazi ilmiy xodimi Ven-Ti Sunning «TRT» nashriga ma’lum qilishicha, Yaqin Sharqda AQSH ishtirokining kuchayishi fonida Xitoyda energiya resurslari manbalarini diversifikatsiya qilish hamda muqobil yo‘nalishlarni izlash uchun asoslar yetarli. Ikki davlat o‘rtasidagi keng qamrovli strategik hamkorlikni hisobga olganda esa, Rossiya bu borada tabiiy ustuvor variant hisoblanadi.

Bunday sharoitda Rossiya qirg‘oqlari bo‘ylab o‘tadigan Shimoliy dengiz yo‘li haqiqiy muqobil variant sifatida namoyon bo‘lmoqda. Ushbu yo‘nalish Xitoy va Shimoliy Yevropa o‘rtasidagi yo‘lga ketadigan vaqtni Suvaysh kanali orqali o‘tuvchi an’anaviy yo‘lga nisbatan 12-14 kunga qisqartirish imkonini beradi.

Siyosatshunos Roland Bijamovning ta’kidlashicha, Eron atrofidagi keskinlashuv Xitoyning Arktika yo‘nalishiga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirmoqda. Buning sababi oddiy: Xitoy Basra ko‘rfazidan energiya resurslarini import qiluvchi eng yirik davlat bo‘lib qolmoqda va Pekin o‘ziga kerakli neftning 40 foizdan ortig‘ini aynan shu mintaqadan sotib oladi. Mazkur yo‘nalishning to‘silib qolish xavfi avtomatik ravishda Xitoy iqtisodiyoti uchun jiddiy xatarlarni keltirib chiqaradi. Shu sababli, Shimoliy dengiz yo‘li Pekin uchun shunchaki tijoriy loyiha emas, balki diversifikatsiya strategiyasining ajralmas bir qismiga aylanmoqda.

«The China Wire» nashrining yozishicha, Putin va Si Jinping sammitidan so‘ng geosiyosiy «o‘zaro almashinuv» mantig‘i tobora oydinlashib bormoqda. Moskvaning Pekin bilan muzokaralarda energetika sohasida yon berishga majbur bo‘layotgani Xitoyning Rossiya shimoliga kirish imkoniyatlarini kengaytirishi bilan yonma-yon kechmoqda. Bunda Xitoy endi shunchaki investor emas, balki uzoq muddatli strategik ishtirokchi va «katta hamkor» sifatida maydonga chiqyapti.

Nashr mualliflarining ta’kidlashicha, bu Rossiya uchun prinsipial o‘zgarishdir. Chunki Arktika an’anaviy ravishda Rossiyaning suveren nazorat hududi, Shimoliy dengiz yo‘li esa milliy transport arteriyasi sifatida ko‘rib kelingan. Biroq G‘arb sanksiyalarining kuchayishi va Pekinga nisbatan tobora ortib borayotgan qaramlik Moskvaning avvalgi strategik muxtoriyat darajasini saqlab qolish imkoniyatlarini asta-sekin toraytirmoqda.

Natijada mintaqada tamomila yangi manzara yuzaga kelmoqda: Xitoy Arktikaning ulkan resurslari, infratuzilmasi va logistikasidan erkin foydalanish imkoniga ega bo‘lmoqda. Rossiya esa buning evaziga o‘z gazini sotish uchun o‘ta muhim bozorga va kerakli investitsiyalarga erishadi. Ammo bu jarayonda hal qiluvchi so‘zni baribir Pekin aytadi — u esa «Sibir kuchi – 2» loyihasi bo‘yicha bitimni hanuzgacha imzolagani yo‘q.

Xulosa qilib aytganda, Rossiya va G‘arb o‘rtasidagi hozirgi qarama-qarshilik qancha uzoq davom etsa va Moskvada Pekindan boshqa muqobil xaridorlar qanchalik kam bo‘lsa, Xitoyda «rus shimoli»ni bosqichma-bosqich o‘zining iqtisodiy ta’sir doirasiga aylantirib olish uchun shunchalik katta imkoniyat paydo bo‘laveradi.

Teglar

Mavzuga oid