Talon-toroj qilingan 643 milliard so‘m, drenaj pulini «yemagan» Toshkent hokimi va Osiyoning eng qimmat futbolchisiga aylangan Husanov — 3-iyun dayjesti
Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

O‘zbekistonda nodavlat teatrlar, kino va konsert tashkilotlari 10 yilga soliqlardan ozod etiladi
O‘zbekistonda 2026 yil 1 sentabrdan boshlab asosiy faoliyati konsert-tomosha, kinematografiya sohasida bo‘lgan subyektlar, nodavlat teatrlar va xususiy ta’lim tashkilotlari 2036 yil 1-yanvargacha QQS, foyda, aylanmadan olinadigan, yer va mol-mulk soliqlaridan ozod etiladi. Shuningdek, ularning xodimlari jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini to‘lamaydi.
Prezident farmoniga muvofiq, xorijiy kinokompaniyalarning O‘zbekistonda kino yaratishdan olgan daromadlari ham soliq bazasiga kiritilmaydi. Shu bilan birga, madaniyat va ijod sohasini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 200 milliard so‘mlik «Ijodga investitsiya» jamg‘armasi tashkil etilib, mablag‘lar loyihalarni va yangi iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi.
Drenajga ajratilgan mablag‘ni hech kim yeb ketmayotganini ko‘rsataman – Toshkent hokimi
Toshkent shahri hokimi Shavkat Umurzoqov Chorsu metrosi yaqinida kuzatilgan suv toshqini drenaj tizimi ishlamagani emas, ariqning yopib qo‘yilgani bilan bog‘liq bo‘lganini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, ariq qayta ochilganidan keyin suv tizimi normal ishlay boshlagan. Shuningdek, hokim Toshkent uchun yagona raqamlashtirilgan suv boshqaruvi tizimini yaratish va bu yo‘nalishda Xitoyning «Tianjin Urban Construction» kompaniyasi bilan 400 million dollarlik loyiha ustida ish olib borilayotganini ma’lum qildi.
VAQT.UZ muxbiri drenaj tizimini yaxshilash uchun 2024 yilda ajratilgan 6 milliard so‘m mablag‘ sarfi haqida savol berganida, Shavkat Umurzoqov mablag‘lar talon-toroj qilinmaganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, shaharda suv bosish holatlari sezilarli kamaygan, muammoli nuqtalarda esa suv tortish quvvati ikki barobarga oshirilmoqda. Hokim zarur bo‘lsa, mas’ul xodimlar va qilingan ishlar orqali «ajratilgan mablag‘ni hech kim o‘zlashtirmaganini» ko‘rsatib berishga tayyorligini bildirdi.
Soliq qo‘mitasi va «O‘zbekneftgaz» ishtirokida budjet mablag‘i talon-toroj qilingani aniqlandi
Bosh prokuratura huzuridagi departament va Soliq qo‘mitasining korrupsiyaga qarshi nazorat boshqarmasi o‘tkazgan tekshiruvda Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasini kengaytirish loyihasi doirasida 643,2 mlrd so‘m budjet mablag‘i talon-toroj qilingani aniqlandi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Soliq qo‘mitasi, Buxoro viloyati soliq boshqarmasi, «O‘zbekneftgaz» va bir qator korxonalar mas’ullari o‘zaro til biriktirib, QQSdan ozod qilingan xizmatlar bo‘yicha elektron hisob-fakturalarga noqonuniy ravishda QQS summalarini kiritgan.
Natijada budjetda asossiz QQS mablag‘i shakllantirilib, uning bir qismi korxona hisob raqamiga qaytarilgan va boshqa korxonaning davlat oldidagi qarzdorligi yopilgan. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar ushbu harakatlar oqibatida davlat budjetiga 643,2 mlrd so‘m zarar yetkazilganini ma’lum qildi. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining talon-toroj qilishga oid moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Abduqodir Husanov Osiyoning eng qimmat futbolchisiga aylandi
«Transfermarkt»ning navbatdagi baholashiga ko‘ra, O‘zbekiston milliy terma jamoasi va «Manchester City» himoyachisi Abduqodir Husanovning transfer qiymati 35 million yevrodan 50 million yevroga oshdi. Shu tariqa u Angliya Premer-ligasida narxi eng ko‘p oshgan futbolchilardan biriga aylandi.
Yangilangan reyting natijasida Abduqodir Husanov Osiyoning eng qimmat futbolchisi bo‘ldi. U yapon futbolchilari Kaishu Sano (40 mln yevro) va Takefusa Kuboni (30 million yevro) ortda qoldirdi.
«Markaziy bank mustaqilligi inflatsiyani pasaytiradi» — XVJ
Xalqaro valuta jamg‘armasi (XVJ) tadqiqotiga ko‘ra, markaziy banklarning siyosiy va moliyaviy bosimlardan mustaqil bo‘lishi inflatsiyani samarali boshqarishda muhim ahamiyatga ega. Tadqiqot natijalari siyosiy va moliyaviy bosimlardan yaxshiroq himoyalangan mamlakatlarda inflatsiyani nazorat qilish samaradorligi yuqoriroq bo‘lishini ko‘rsatgan. XVJ bahosiga ko‘ra, markaziy bank mustaqilligining oshishi bir yil ichida inflatsiya darajasini o‘rtacha 0,5 foiz bandiga pasaytirishga xizmat qilgan.
Tadqiqotda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Armaniston va Gruziya misol sifatida keltirilib, ushbu davlatlar markaziy banklari pandemiyadan keyingi yuqori inflatsiya sharoitida qat’iy siyosat amalga oshirgani qayd etilgan.





