Transport vaziri: Buxoro va Xivani zamonaviy elektropoyezd bog‘laydi

Kecha 22:402 daqiqa

O‘zbekiston temiryo‘llarida jiddiy yangilanishlar kutilmoqda: mamlakatga yangi «Skoda» va «Hyundai Rotem» poyezdlari olib kelinadi. Toshkent metrosining bir nechta bekatlaridan temiryo‘l platformalariga o‘tish imkoniyati yaratiladi.

Transport vaziri: Buxoro va Xivani zamonaviy elektropoyezd bog‘laydi © Foto: Qonunchilik palatasi

Bugun, 3-iyun kuni transport vaziri Ilhom Mahkamov Qonunchilik palatasida temiryo‘l transporti sohasidagi loyihalar bo‘yicha hisobot berdi.

Uning aytishicha, joriy yil yakuniga qadar Buxoro–Urganch–Xiva yo‘nalishida zamonaviy elektropoyezdlar harakati yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, Urganch xalqaro aeroportini shahar temiryo‘l tarmog‘i bilan bog‘lovchi 10,8 kilometrlik yangi liniya qurilishi jadal davom etmoqda. Vazirning ta’kidlashicha, mazkur Urganch–Xiva temiryo‘l tarmog‘i 1-avgustga qadar to‘liq elektrlashtiriladi va zamonaviy elektropoyezdlar qatnovi boshlanadi.

Bundan tashqari, Toshkent–Samarqand yo‘nalishida alohida yuqori tezlikdagi temiryo‘l liniyasi bo‘yicha texnik-iqtisodiy asoslar ishlab chiqilgan bo‘lib, loyihani 2030 yilga qadar yakunlash rejalashtirilgan.

Yangi poyezdlar keladi

Vazirning ma’lum qilishicha, joriy yilda yana to‘rtta «Jaloliddin Manguberdi» tezyurar elektropoyezdi olib kelinadi. Avvalroq shunday turdagi ikkita poyezd mamlakatga yetkazilgan edi.

Hozirda Toshkent–Xiva–Toshkent yo‘nalishida elektropoyezdlar sinovdan o‘tkazilmoqda. Sinovlar muvaffaqiyatli yakunlangach, muntazam qatnovlar boshlanadi.

Shu bilan birga, Toshkent–Andijon va Toshkent–Termiz yo‘nalishlarini modernizatsiya qilish hamda «Hyundai Rotem» kompaniyasi ishlab chiqargan sakkizta tezyurar elektropoyezdni mazkur yo‘nalishlarga jalb etish imkoniyati ko‘rib chiqilmoqda.

Yo‘lovchilar soni oshadi

Joriy yil oxirigacha Toshkent aglomeratsiyasida temiryo‘l va jamoat transportini bog‘lovchi yangi transport tugunlari barpo etiladi. Xususan, «Choshtepa», «Shahriston» va «Turon» metro bekatlari yaqinida temiryo‘l to‘xtash punktlari quriladi.

Shuningdek, Chexiyaning «Skoda Transportation» kompaniyasidan 10 ta zamonaviy elektropoyezd xarid qilinishi rejalashtirilgan. Ularning 2027 yildan boshlab mamlakatga keltirilishi kutilmoqda.

Vazirning ta’kidlashicha, mazkur loyihalar amalga oshirilishi natijasida yiliga qo‘shimcha 5,2 million nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratiladi.

Teglar

Mavzuga oid