Markaziy Osiyoda o‘zaro savdo: davlatlar qanday ko‘rsatkich qayd etdi?

Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi savdo hajmi yil boshidan buyon 29 foizga o‘sib, 3,2 mlrd dollarga yetdi. Savdoning asosiy qismi hanuz Qozog‘iston va O‘zbekiston hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

Markaziy Osiyoda o‘zaro savdo: davlatlar qanday ko‘rsatkich qayd etdi?

2026-yilning birinchi choragida Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi savdo aloqalari sezilarli faollashdi. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ma’lumotlariga ko‘ra, mintaqa mamlakatlarining o‘zaro savdo aylanmasi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 29 foizga oshib, 3,2 mlrd dollarni tashkil etdi.

Mintaqaning deyarli barcha mamlakatlari (Qirg‘izistondan tashqari) Markaziy Osiyo davlatlariga yetkazib berish hajmini sezilarli oshirdi. Xususan, Qozog‘iston eksporti 30 foizga, Tojikistonniki 36 foizga, Turkmanistoniki 79 foizga, O‘zbekistonniki esa 19 foizga ko‘paydi.

1

Davlatlar kesimida eksport ulushi va o‘sish dinamikasi jadvali

Bunday dinamika global iqtisodiy noaniqliklar kuchaygan sharoitda mintaqaviy bozor Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun tobora kuchayayotganini ko‘rsatmoqda. Natijada ichki bozorlar tashqi savdo faolligini qo‘llab-quvvatlaydigan asosiy omillardan biriga aylanmoqda.

Markaziy Osiyo mamlakatlari umumiy o‘zaro eksportining 60,2 foizi Qozog‘iston, 20,1 foizi O‘zbekiston, 11,8 foizi Turkmaniston, 5,5 foizi Qirg‘iziston va 2,4 foizi Tojikiston hissasiga to‘g‘ri keldi. Shundan kelib chiqib, mintaqaviy savdoning 80 foizdan ortig‘i Markaziy Osiyoning ikki yirik iqtisodiyoti — Qozog‘iston va O‘zbekiston hissasida shakllanmoqda.

Shu bilan birga, savdo balanslaridagi sezilarli nomutanosiblik saqlanib qolmoqda. Qozog‘iston qo‘shni davlatlar bilan savdoda barqaror eksport ustunligiga ega. O‘zbekiston mintaqa bilan savdoni oshirmoqda, biroq o‘sish asosan Qozog‘iston va Turkmanistondan importning ko‘payishi hisobiga ta’minlangan. Qirg‘iziston va Tojikiston esa qo‘shni mamlakatlarga eksportdan ko‘ra ko‘proq mintaqaviy importga bog‘liq bo‘lib qolmoqda.

Umuman olganda, Markaziy Osiyoning ichki savdosi o‘sib bormoqda. Lekin savdoning asosiy qismi asosan ikkita yirik davlat (Qozog‘iston va O‘zbekiston) o‘rtasida bo‘lyapti, shuningdek, kimdir asosan sotsa, kimdir faqat sotib olmoqda.

Davlatlar bo‘yicha tendensiya qanday?

2

Manba: Review.uz

Qozog‘iston mintaqaning asosiy savdo markazi bo‘lib qolmoqda

2026-yilning birinchi choragida Qozog‘istonning Markaziy Osiyo davlatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi 28,1 foizga oshib, 2,4 mlrd dollarga yetdi. Shundan 1,9 mlrd dollar eksport, 463 mln dollar esa import hissasiga to‘g‘ri keladi.

Qozog‘iston mintaqadagi asosiy eksport qiluvchi mamlakat bo‘lib, mintaqaviy bozorlar uning muhim savdo yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Markaziy Osiyo Qozog‘iston eksportining 10,6 foizini, importining esa 3,1 foizini tashkil etmoqda.

Qozog‘istonning mintaqadagi eng yirik savdo hamkori O‘zbekiston bo‘lib qolmoqda. Ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 34,9 foizga oshib, 1,3 mlrd dollarga yetdi. Bu Qozog‘istonning Markaziy Osiyo davlatlari bilan umumiy savdosining 56,3 foiziga teng.

Shuningdek, Qirg‘iziston bilan savdo hajmi 18,2 foizga oshib 550 mln dollarni, Tojikiston bilan 23,3 foizga oshib 361 mln dollarni, Turkmaniston bilan esa 20,6 foizga oshib 125 mln dollarni tashkil etdi.

Qirg‘iziston o‘sishni asosan import hisobiga ta’minladi

Qirg‘izistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan savdo aylanmasi 10,4 foizga oshib, 643 mln dollarga yetdi. Biroq o‘sish asosan importning ko‘payishi hisobiga yuz berdi.

Mintaqa davlatlaridan import 17,8 foizga oshib, 469 mln dollarni tashkil etdi. Shu bilan birga, Qirg‘izistonning mintaqaga eksporti 5,7 foizga kamayib, 174 mln dollargacha tushdi.

Markaziy Osiyo Qirg‘iziston uchun muhim eksport bozori hisoblanadi. Mamlakat umumiy eksportining 36,1 foizi mintaqa davlatlariga to‘g‘ri keladi. Importda bu ko‘rsatkich 16,3 foiz, umumiy tashqi savdoda esa 19,2 foizni tashkil etadi.

Qozog‘iston va O‘zbekiston Qirg‘izistonning asosiy savdo hamkorlari bo‘lib qolmoqda. Qozog‘iston bilan savdo hajmi 396 mln dollarni (61,5 foiz), O‘zbekiston bilan esa 220 mln dollarni (34,2 foiz) tashkil etdi. O‘zbekiston bilan savdo bir yil ichida 21 foizga o‘sgan.

Turkmaniston bilan savdo hajmi 20,8 foizga qisqarib, 15 mln dollargacha kamaydi.

Shuningdek, munosabatlardagi inqiroz yumshaganidan so‘ng Tojikiston bilan savdoni ko‘paytirish tendensiyasi davom etayotganini ta’kidlash lozim. Birinchi chorakda tovar ayirboshlash 29 baravar oshdi, biroq hajmlar hozircha nisbatan kichikligicha qolmoqda — 13 mln dollar.

Tojikiston importga qaram bo‘lib qolmoqda

2026-yilning birinchi choragida Tojikistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan savdo hajmi 26,6 foizga oshib, 535,4 mln dollarga yetdi.

Bunda mintaqa davlatlaridan import 459 mln dollarni, eksport esa atigi 76 mln dollarni tashkil etdi. Markaziy Osiyoning Tojikiston tashqi savdosidagi ulushi 20 foizga, importdagi ulushi 21,3 foizga, eksportdagi ulushi esa 14,8 foizga yetdi.

Tojikistonning asosiy mintaqaviy hamkori Qozog‘iston bo‘lib qolmoqda. Ikki davlat o‘rtasidagi savdo hajmi 34,2 foizga oshib, 370 mln dollarga yetdi. Bu Tojikistonning mintaqa bilan umumiy savdosining qariyb 69 foiziga teng.

O‘zbekiston bilan savdo hajmi 3,2 foizga oshib, 145 mln dollarni tashkil etdi. Qirg‘iziston va Turkmaniston bilan savdo hajmlari esa nisbatan kichikligicha qolmoqda.

Turkmaniston eksport bo‘yicha eng yuqori o‘sishni qayd etdi

Ikki tomonlama savdo ma’lumotlariga ko‘ra, Turkmanistonning Markaziy Osiyo mamlakatlariga eksporti 78,5 foizga oshib, 374 mln dollarga yetdi. Bu mintaqadagi eng yuqori o‘sish sur’ati bo‘ldi.

Ayniqsa, O‘zbekiston bilan savdo sezilarli darajada kengaydi. Ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi qariyb ikki baravarga oshib, 357 mln dollarga yetdi. Shundan 313 mln dollari O‘zbekistonning Turkmanistondan importi hissasiga to‘g‘ri keladi.

Turkmanistonning Qozog‘iston bilan savdosi ham 20,6 foizga oshib, 125 mln dollarni tashkil etdi. Qirg‘iziston va Tojikiston bilan savdo hajmlari esa cheklanganligicha qolmoqda.

O‘zbekiston savdosi 2,1 mlrd dollarga yetdi

2026-yilning birinchi choragida O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan savdo aylanmasi 38 foizga oshib, 2,1 mlrd dollarga yetdi.

Biroq savdo hajmidagi o‘sish asosan importning kengayishi hisobiga yuz berdi. Import 48,5 foizga oshib 1,4 mlrd dollarga yetgan bo‘lsa, eksport 19 foizga ko‘payib 638 mln dollarni tashkil etdi.

Markaziy Osiyo davlatlarining O‘zbekiston tashqi savdosidagi ulushi 11,5 foizni tashkil etdi. Importda bu ko‘rsatkich 11,8 foiz, eksportda esa 11 foiz bo‘ldi.

3

O‘zbekistonning Markaziy Osiyo davlatlari bilan savdo aylanmasi jadvali

Mamlakatlar kesimida O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi barcha davlatlar bilan savdo hajmini oshirdi. Eng yirik hamkor Qozog‘iston bo‘lib, ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 27 foizga o‘sib, 1,3 mlrd dollarga yetdi. Bu O‘zbekistonning mintaqa bilan umumiy savdo aylanmasining 63 foiziga teng. Shundan Qozog‘istondan import 1 mlrd dollarni, eksport esa 283 mln dollarni tashkil etdi.

Ikkinchi yirik savdo yo‘nalishi Turkmaniston bo‘ldi. Ikki davlat o‘rtasidagi savdo hajmi 98 foizga oshib, 357 mln dollarga yetdi. Qirg‘iziston bilan tovar ayirboshlash hajmi 43 foizga o‘sib 222 mln dollarni, Tojikiston bilan esa 32 foizga o‘sib 189 mln dollarni tashkil etdi.

Mintaqaviy savdo o‘smoqda, ammo muvozanat hali shakllanmagan

2026-yilning birinchi choragi natijalari Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi savdo aloqalari mustahkamlanayotganini ko‘rsatdi. Tashqi bozorlardagi noaniqliklarga qaramay, mintaqa ichidagi savdo hajmlari o‘sishda davom etmoqda.

Biroq mintaqaviy savdo hanuz bir nechta yirik iqtisodiyotlar atrofida shakllanmoqda. Qozog‘iston qo‘shni davlatlar uchun asosiy eksportchi va eng yirik yetkazib beruvchi bo‘lib qolmoqda. O‘zbekiston yirik import bozori va ayrim yo‘nalishlarda faol eksportchi sifatida ajralib turibdi. Turkmaniston esa, avvalo, O‘zbekistonga eksport hajmining keskin oshishi hisobiga mintaqadagi rolini kuchaytirdi.

Qirg‘iziston va Tojikiston esa mintaqaviy importga nisbatan ko‘proq qaram bo‘lib qolmoqda hamda savdo aloqalarining katta qismini Qozog‘iston va O‘zbekiston bilan amalga oshirmoqda.

Umuman olganda, 2026-yilning birinchi choragida Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi savdo hajmi oshdi. Shunga qaramay, mintaqadagi savdo aloqalari hali ham bir tekis rivojlanmayapti. Ayrim davlatlar eksportda faol bo‘lsa, boshqalari ko‘proq importga tayanmoqda. 

Mutaxassis fikricha, savdoni yanada rivojlantirish uchun qo‘shma ishlab chiqarish loyihalarini ko‘paytirish, transport va logistika muammolarini kamaytirish hamda mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish zarur.

Teglar

Mahliyo Hamidova

Mahliyo HamidovaMaqolalar soni: 142

Barchasi

Mavzuga oid

Markaziy Osiyoda o‘zaro savdo: davlatlar qanday ko‘rsatkich qayd etdi? | Vaqt.uz