
Tadbirkorlar uchun yangi soliq imtiyozlari joriy etiladi
Prezidentning tegishli qarori bilan yengil sanoat, paxta tayyorlash va to‘qimachilik sohalarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar uchun qator soliq yengilliklari belgilandi.

O‘zbekistonda mahalliy yengil sanoat korxonalarini qo‘llab-quvvatlash va ularning tashqi bozorlardagi raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan yangi soliq imtiyozlari joriy etiladi. Bu prezidentning PF–4-sonli farmonida nazarda tutilgan.
Hujjatga muvofiq, 2026 yil 1-yanvardan boshlab yengil sanoat korxonalari quvvati 5 MW’gacha bo‘lgan qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalaridan foydalangan holda ishlab chiqarilgan elektr energiyasining korxona ehtiyojidan ortiqcha qismini sotish huquqiga ega bo‘ladi.
Shuningdek, paxta tayyorlash punktlari faoliyatining mavsumiyligi inobatga olinib, 2026 yil 1-yanvardan 2028 yil 1-yanvargacha ushbu punktlarga mol-mulk va yer soliqlarini 50 foizga kamaytirilgan stavkada to‘lashga ruxsat beriladi.
2026 yil 1-yanvardan 2029 yil 1-yanvarga qadar tijorat banklari balansidagi to‘qimachilik va tikuv-trikotaj korxonalarining mol-mulklarini investorlarga realizatsiya qilishda qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etish belgilandi.
Bundan tashqari, ushbu korxonalarning mol-mulklarini xarid qilgan investorlarga ishlab chiqarish faoliyatini olti oy ichida to‘liq tiklash sharti bilan bir yil muddatga mol-mulk solig‘ini 50 foizga kamaytirilgan stavkada to‘lash imkoniyati beriladi.
Farmon bilan charm-poyabzal, mo‘ynachilik korxonalari hamda chorva mollarini so‘yish va terini qayta ishlash bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar uchun belgilangan foyda solig‘i, mol-mulk solig‘i, yer solig‘i va aylanmadan olinadigan soliqlar bo‘yicha imtiyozlar muddati ham uzaytirildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda 2026 yil 1-yanvardan yer solig‘ining yangi stavkalari kuchga kirgani haqida xabar bergandik.





