
Taftish.uz «ishi» bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumotlar e’lon qilindi
Ichki ishlar vazirligi Tergov departamenti nashr xodimlari bilan bog‘liq jinoyat ishi yuzasidan rasmiy bayonot berdi.

Avvalroq, Taftish.uz saytining besh xodimi protsessual tartibda qo‘lga olinganligi haqida xabar bergan edik. Ichki ishlar vazirligi Tergov departamenti holat yuzasidan qo‘shimcha bayonot berdi.
Vazirlik bayonotida qayd etilishicha, «Elita Media» MCHJga qarashli Taftish.uz tahririyati xodimlari «jinoiy guruh tuzib, tovlamachilik va firibgarlik sodir etganlik»da ayblanmoqda. Shuningdek, 27 nafar fuqaroning murojaatlari asosida 21 ta holatda Jinoyat kodeksining 168-moddasi, (firibgarlik) 165-moddasi, (tovlamachilik) 139-moddasi (tuhmat) va 244-6-moddasida (yolg‘on axborot tarqatish) nazarda tutilgan jinoyat alomatlari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, «Elita Media» MCHJ tasarrufida faoliyat yuritgan Taftish.uz loyihasi vakillari jurnalistik tekshiruv va jamoatchilik nazorati niqobi ostida jinoiy guruh tuzib, tizimli ravishda tovlamachilik va firibgarlik bilan shug‘ullangan. Guruhga norasmiy rahbar sifatida 1988 yilda tug‘ilgan G‘ayrat Aberayev boshchilik qilgan. U bilan birga muxbir sifatida ishlagan Azizjon Yuldashev, Sardor Hamidov, Marjona Eshquvvatova va Dilshod Nishonov jinoiy faoliyatga jalb etilgan.
Tergovda aniqlanishicha, guruh a’zolari turli fuqarolar va tadbirkorlar haqida salbiy mazmunda videomateriallar tayyorlab, internet platformalarida tarqatgan. Keyin esa ushbu videolarni o‘chirish yoki yanada og‘ir materiallar chiqarmaslik evaziga pul talab qilingan. Ayrim hollarda bir material uchun ikki tomonlama «daromad» olingan: avval murojaatni yoritish uchun, keyin esa o‘sha materialni olib tashlash uchun.
Bunday sxemalardan biri Toshkentdagi «Chilonzor buyum savdo kompleksi» bilan bog‘liq holatda kuzatilgan. Sudda allaqachon hal etilgan nizo qayta ko‘tarilib, bozor ma’muriyatini obro‘sizlantiruvchi videolavha tayyorlangan.
Shundan so‘ng videoni o‘chirish uchun 40 million so‘m talab qilingan va bu jarayon shartnoma orqali «qonuniylashtirish»ga urinilgan. Mablag‘ning bir qismi esa jinoiy guruh a’zosining shaxsiy bank kartasiga o‘tkazilgan.
Shu kabi holat Samarqand viloyatida faoliyat yuritgan qurilish kompaniyasi misolida ham qayd etilgan. Kompaniya haqida uyushtirma ma’lumotlarga asoslangan videolar tarqatilib, keyinchalik yana ikki videoni chiqarmaslik sharti bilan tadbirkordan katta miqdorda mablag‘ va hatto qo‘shimcha moliyaviy majburiyatlar talab qilingan. Pul o‘z vaqtida berilmaganidan so‘ng esa tahdidlar amalga oshirilib, obro‘sizlantiruvchi videolar tarqatilgan. Tadbirkor ushbu videolarni o‘chirtirish evaziga 8-yanvar kuni jinoiy guruh a’zolaridan birining bank kartasiga dastlabki, 30 mln so‘mni, 12-yanvar kuni esa yana 30 million so‘m pullarni o‘tkazib bergan.
Tergov materiallarida Namagan viloyatidagi oilaviy janjal bilan bog‘liq holat ham alohida o‘rin olgan. Bir tomon manfaatini ko‘zlab, ikkinchi tomon sha’ni va qadr-qimmatini kamsituvchi yolg‘on ma’lumotlar asosida 18 ta videorolik tayyorlanib, qisqa muddat ichida ketma-ket tarqatilgan. Sud tomonidan ma’muriy javobgarlikka tortilganiga qaramay, jinoiy harakatlar davom ettirilib, videolarni o‘chirish bahonasida yana pul talab qilingan.
Ichki ishlar vazirligi ushbu ish bo‘yicha tergov harakatlari davom etayotganini ma’lum qildi.
Vazirlik ushbu guruh harakatlaridan jabr ko‘rgan boshqa fuqarolar ham bo‘lishi mumkinligini ta’kidlab, barchani befarq qolmaslikka va belgilangan tartibda murojaat qilishga chaqirmoqda.





