add

Taglik, go‘sht va elektroquvvatlash stansiyalari: ayrim mahsulotlar importiga nol bojlar uzaytirildi

Prezident farmoniga ko‘ra, oziq-ovqat, bolalar kiyimlari va gigiyena vositalari kabi mahsulotlar 2027 yilgacha, elektromobil quvvatlash stansiyalari esa 2028 yilgacha bojxona bojlaridan ozod etildi.

Taglik, go‘sht va elektroquvvatlash stansiyalari: ayrim mahsulotlar importiga nol bojlar uzaytirildi

O‘zbekistonda ayrim tovarlar va mahsulotlar importiga nisbatan qo‘llanilayotgan nol bojxona boji yana bir yilga — 2027 yil 1-yanvargacha uzaytirildi. Bu haqda prezidentning 30-dekabrda qabul qilingan farmonida keltirilgan.

Farmonga muvofiq, nol bojlar qo‘llaniladigan tovarlar ro‘yxatiga oziq-ovqat mahsulotlari, bolalar kiyimlari va gigiyena vositalari kiritilgan. Shu bilan birga, elektromobillar uchun quvvatlash stansiyalari va ularning ehtiyot qismlari kelgusi ikki yil — 2028 yil 1-yanvargacha bojxona bojlaridan ozod etildi.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yil may oyida 23 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari import bojlaridan ozod qilingan edi. Keyinchalik, 2023 yil mart oyida yana 36 ta toifadagi tovarlarga ushbu imtiyozlar joriy etildi.

Yangi farmonga muvofiq, endi mazkur imtiyozlarning amal qilish muddati uzaytirilmoqda. Ro‘yxatdan baliq va ikra konservalari, go‘sht va sut mahsulotlari, qahva, sitrus mevalar, pishloq, tvorog, shokolad, non va makaron mahsulotlari, shuningdek, soch va shaxsiy gigiyena vositalari, parfyumeriya, bolalar kiyimlari, meva-sabzavotlar va yong‘oqlar o‘rin olgan.

Shuningdek, 2031 yil 1-yanvarga qadar maishiy, qurilish va tibbiyot chiqindilarini utilizatsiya qilish, shuningdek, bioparchalanuvchi polimer materiallarni qayta ishlash korxonalarining texnologik jarayonlarida foydalaniladigan, respublikada ishlab chiqarilmaydigan maxsus texnika, texnologik uskunalar, ehtiyot qismlar, butlovchi buyumlar, xomashyo va materiallar bojxona bojini to‘lashdan ozod etiladi.

Farmon bilan 2026 yil 1-yanvardan 2031 yil 1-yanvarga qadar chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasida imtiyozli soliq rejimi joriy etiladi.

«Chiqindi poligonlarini boshqarish direksiyasi» davlat muassasasi, shuningdek, bir vaqtning o‘zida belgilangan mezonlarga mos keladigan soliq to‘lovchilar uchun foyda solig‘i (shu jumladan, dividendlar tarzidagi daromadlar) va ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz miqdorida belgilanadi.

Bunda imtiyozlar quyidagi shartlarga rioya etilgan taqdirda qo‘llaniladi:

• chiqindilarni yig‘ish, olib chiqib ketish, saralash va qayta ishlash faoliyatidan olingan daromadlar hisobot soliq davri yakunlari bo‘yicha jami daromadlarning kamida 90 foizini tashkil etadi;

• har bir xodimning oylik ish haqi EKIHning 2 baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda hisoblanadi.

Teglar

Mavzuga oid