add

Tailand bosh vaziri vaqtincha lavozimidan chetlatildi

01.07.2025 | 20:0041513

Tailand Konstitutsiyaviy sudi bosh vazir Pxetxongtxan Chinavatni kasbiy axloqni buzganlikda ayblab, uni vaqtincha lavozimidan chetlatdi. Bu qaror uning Kambodja sobiq bosh vaziri bilan chegara mojarosi haqidagi suhbati tarqalganidan so‘ng qabul qilindi.

Tailand bosh vaziri vaqtincha lavozimidan chetlatildi
Tailand Konstitutsiyaviy sudi 1 iyul kuni bosh vazir Pxetxongtxan Chinavatni kasbiy etikani buzganlik aybi bilan vaqtincha lavozimidan chetlatdi. CNN xabar berishicha, bu qaror Kambodjaning sobiq bosh vaziri Xun Sen bilan o‘tkazilgan suhbat audiosi tarqalganidan so‘ng qabul qilingan. Suhbatda ikki davlat o‘rtasidagi chegara mojarosi muhokama qilingan. Yozuvda Chinavat Kambodja rahbarini «amaki» deb atagan va chegarada sodir bo‘lgan to‘qnashuvlarda o‘z armiyasining harakatlarini tanqid qilgan. Uning Kambodjaga yordam berishga tayyorligini bildirgani ham qayd etilgan. Konstitutsiyaviy sudga 36 senatordan iborat guruh petitsiya taqdim etgan. Ular Pxetxongtxan Chinavatni milliy manfaatlarga zid harakatlarda va axloqiy me’yorlarni buzishda ayblashgan. Sud ishni ko‘rib chiqish uchun qabul qildi va bosh vazir lavozimidan vaqtincha chetlatildi. Chinavat o‘zini himoya qilish uchun 15 kun muddat oldi. Uning vazifasini vaqtincha o‘rinbosari Suriya Jungrungreangkit bajaradi. Bosh vazir sud qarorini qabul qilishini ma’lum qildi. U o‘z bayonotida mamlakat suverenitetini himoya qilish va askarlar hayotini saqlash maqsadida harakat qilganini ta’kidladi. Shuningdek, ushbu vaziyat tufayli noqulaylik sezayotgan vatandoshlaridan uzr so‘radi. Chinavat 2024 yil avgust oyida bosh vazir lavozimiga tayinlangan edi. U o‘z lavozimida bir yildan kam ishladi. Pxetxongtxan Chinavat — Tailandning sobiq bosh vaziri Taksin Chinavatning qizi hisoblanadi.

Teglar

Mavzuga oid