add

«Tajovuzkor harakat»: Qozog‘iston Ukrainani ogohlantirdi

01.12.2025 | 21:2512032 daqiqa

Ukraina dronlari Rossiya, Qozog‘iston va AQSH aksiyadorlariga tegishli Kaspiy quvurlari konsorsiumi terminaliga zarba bergach, Ostona mazkur harakatdan norozilik bildirdi.

«Tajovuzkor harakat»: Qozog‘iston Ukrainani ogohlantirdi

Joriy yilning 29-noyabr kuni Ukraina dronlari Novorossiysk yaqinidagi Kaspiy quvurlari konsorsiumi terminaliga hujum qilgan edi. Qozog‘iston bu harakat yuzasidan Ukrainaga rasman va oshkora o‘zining noroziligini bildirdi. Bu haqda Qozog‘iston tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Aybek Smadiyarov 30-noyabrdagi bayonotida so‘z ochilgan.

Unga ko‘ra, ushbu voqea xalqaro huquq bilan himoyalangan fuqarolik ob’ektiga nisbatan uchinchi tajovuzkor harakat bo‘lgan.

«Biz sodir bo‘lgan voqeani Qozog‘iston Respublikasi va Ukraina o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarga putur yetkazuvchi harakat deb hisoblaymiz va Ukraina tomonidan kelajakda bunday hodisalarga yo‘l qo‘ymaslik uchun samarali choralar ko‘rilishini kutamiz», - degan u.

Ukraina Qozog‘istonning norozilik bayonotiga javob qaytardi.

«Ukraina Qozog‘istonga qarshi hech qanday dushmanona harakatlar qilmayapti. Ukraina tomonining hech qanday harakati Qozog‘iston yoki boshqa uchinchi bir tomonlarga qaratilgan emas. Ukraina Rossiya hujumlariga javoban zarba berishi, o‘zlarining barcha sa’y-harakatlari BMT Nizomining 51-moddasida kafolatlangan o‘zini-o‘zi himoya qilish huquqining bir qismi sifatida Rossiyaning keng ko‘lamli tajovuzkorligini qaytarishga qaratilgan», - deyiladi rasmiy bayonotda.

Kaspiy quvur konsorsiumi — Rossiya, Qozog‘iston va AQSH aksiyadorlariga tegishli. Bu terminal orqali — Qozog‘istonning neft eksportining juda katta qismi o‘tadi. Neft quvuri G‘arbiy Qozog‘istondagi konlardan Novorossiyskkacha cho‘zilgan. Bu terminal — Rossiya ishlab chiqaruvchilarining neftini ham qabul qiladi. Qozog‘iston Energetiki vazirligining bildirishicha, hujum oqibatida Kaspiy Quvurlari konsorsiumi prichallaridan biriga jiddiy ziyon yetgan. Qurilma to‘liq ta’mirlash va tiklash ishlari tugagunga qadar to‘liq ishdan chiqqan.

Rasmiy Ostona o‘zining bayonotida, Qozog‘iston barqaror va uzluksiz energiya ta’minotini ta’minlashga alohida ahamiyat berishi, Kaspiy quvurlari konsorsiumi global energetika tizimining barqarorligini ta’minlashda alohida o‘rin tutishini qo‘shimcha qilgan.

Vaziyat Qozog‘iston Respublikasi hukumatining alohida nazorati ostida.

Teglar

Mavzuga oid