add

Takaichi tarixiy g‘alabani qo‘lga kiritgach, Yaponiya aksiyalari keskin oshdi

Kecha 13:253 daqiqa

Bugun Yaponiya aksiyalari rekord darajaga ko‘tarildi. Bu Liberal-demokratik partiyaning saylovda g‘alabani qo‘lga kiritgani bilan bog‘liq.

Takaichi tarixiy g‘alabani qo‘lga kiritgach, Yaponiya aksiyalari keskin oshdi

Bugun, 9-fevral kuni ertalab bozorlar ochilishi bilan Yaponiya aksiyalari rekord darajaga ko‘tarildi. Bu Yaponiya bosh vaziri Sanae Takaichi rahbarlik qilayotgan Liberal-demokratik partiya (LDP) saylovda tarixiy g‘alabasini qo‘lga kiritgani bilan bog‘liq.

Kecha, 8-fevral kuni bo‘lib o‘tgan saylovda LDP 465 o‘rindan 316 tasini qo‘lga kiritdi. Bu 1947 yilda Yaponiya parlamenti hozirgi shaklda tashkil etilganidan beri ilk bor yagona partiya quyi palatada uchdan ikki qism ko‘pchilikni qo‘lga kiritishi hisoblanadi.

LDPning koalitsiyadagi hamkori Yaponiya Innovatsiyalar partiyasi yana 36 okrugda g‘alaba qozondi. Shu tariqa koalitsiyaning umumiy o‘rinlari soni 352 taga yetdi.

Bu ishonchli mandat Takaichi uchun o‘zini oqlagan tavakkal bo‘ldi. Endi u Yaponiyaning sust iqtisodiyotini jonlantirish va yashash narxi qimmatligi bilan bog‘liq muammolarni hal etish vazifasi oldida turibdi.

Biznesga moyil siyosat

9-fevral kuni erta savdolarda «Nikkei» indeksi 5 foizdan ortiq o‘sib, tarixda ilk bor qisqa vaqtga 57 000 nuqtadan oshib ketdi.

LDPning hal qiluvchi g‘alabasi Takaichiga muxolifat partiyalari bilan uzoq muzokaralar olib bormasdan, biznesga moyil siyosatini ilgari surish imkonini beradi.

Takaichi 8-fevral kuni jurnalistlarga «mas’uliyatli, biroq faol» fiskal siyosat yuritishini va to‘rt oydan kamroq vaqt oldin shakllangan hukumat tarkibini o‘zgartirmasligini aytdi.

Yaponiya tarixidagi birinchi ayol bosh vazir o‘tgan oy navbatdan tashqari saylov e’lon qilgan edi. Bu u oktabrda lavozimga kirishganidan bir necha oy o‘tib amalga oshirildi. Uning muvaffaqiyati oldingi ikki bosh vazir davri bilan keskin farq qiladi – o‘sha paytda partiya korrupsiya mojarolari va yashash qimmatligi sabab parlamentdagi ko‘pchilikni yo‘qotgan edi.

Bozor tahlilchilari Takaichiining siyosati Yaponiya iqtisodiyotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini aytishmoqda.

«Saylov natijalari va kelgusidagi rag‘batlantirish choralari, soliq o‘zgarishlari va deregulyatsiya mavjud o‘sish tendensiyasiga qo‘shimcha yoqilg‘i bo‘ladi», – dedi investitsiya tahlilchisi Yuka Marosek.

Oldinda turgan muammolar

Mamlakatda inflatsiya uzoq vaqt davomida juda past bo‘lib kelgani sababli, so‘nggi yillarda yashash qimmatligining oshishiga nisbatan juda sezgirlik paydo bo‘ldi. Saylov kuni ovoz berish uchastkalariga borgan saylovchilar oziq-ovqat va ijara narxlarining o‘sishidan xavotirda ekanliklarini bildirishdi.

Iqtisodiyotga yana bir bosim omili – aholining qarib borayotgani. Bu ishchi kuchi qisqarishi va ijtimoiy parvarish xarajatlarining keskin oshishiga olib kelmoqda.

Takaichi soliqlarni qisqartirish va ko‘proq davlat xarajatlari orqali iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlashga va’da berdi. Biroq bu mablag‘ qayerdan olinishi masalasi katta tashvish uyg‘otmoqda, chunki Yaponiyaning davlat qarzi juda yuqori. Tanqidchilar bu allaqachon nozik bo‘lgan iqtisodiy barqarorlikni yanada izdan chiqarishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.

«Biz bergan saylov oldi va’dalarimizni bosqichma-bosqich amalga oshirish borasida juda katta mas’uliyatni zimmamizga olyapmiz», – dedi Takaichi kecha, 8-fevral kuni partiyasining g‘alabasi aniq bo‘lganida.

Trendga aylangan birinchi ayol bosh vazir

LDP Takaichidan oldingi rahbari Sigeru Isiba davrida parlamentdagi ko‘pchilikni yo‘qotgan edi. Takaichining shaxsiy mashhurligi partiyaning omadini qayta tiklashga umid bog‘ladi.

U LDPning konservativ qanoti orasida qo‘llab-quvvatlashni Yaponiyaning tinchlikparvar konstitutsiyasini qayta ko‘rib chiqish kabi uzoq vaqtdan beri chetda qolgan maqsadlarni qayta ko‘tarish va an’anaviy qadriyatlarni ta’kidlash orqali mustahkamladi.

Biroq u ilgari kuzatilmagan darajada yosh saylovchilar bilan ham aloqa o‘rnatdi: uning sumkalari va pushti rangli ruchkalari kutilmagan darajada ommaviy trendga aylandi.

AQSH prezidenti Donald Tramp Takaichini g‘alabasi bilan tabriklab, «Truth Social» tarmog‘ida saylov oldidan uni qo‘llab-quvvatlash «sharaf» bo‘lganini yozdi.

«Katta ishtiyoq bilan ovoz bergan ajoyib yapon xalqi har doim mening qat’iy qo‘llab-quvvatlashimga ega bo‘ladi», – dedi Tramp.

Takaichi o‘tgan yil oktabrda lavozimga kirishganidan atigi bir hafta o‘tib, Tramp Yaponiyaga tashrif buyurganida Tokio uni katta tantana bilan kutib olgan edi. Bu Takaichining diplomatik maydondagi ilk chiqishi bo‘lib, manzara juda ta’sirli edi: AQSH prezidenti minglab amerikalik harbiylar oldida uni maqtar ekan, ikkalasi ham mushtlarini ko‘tarib turardi.

Takaichi mart oyida Tramp bilan ikkinchi uchrashuv uchun Vashingtonga borishi rejalashtirilgan.

Teglar

Mavzuga oid