
Taniqli bloger uyida Nil timsohi bilan ushlandi: «Sovg‘a qilishgan, uzr so‘rayman»
24.06.2025 | 21:403572 daqiqa
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolar asosida Ekologiya vazirligi tezkor reyd o‘tkazdi va Nil timsohini uy sharoitida saqlab kelgan fuqaro aniqlandi.

Toshkent shahrida yashovchi fuqaro o‘z uyida Nil timsohini noqonuniy ravishda saqlab kelgani aniqlandi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi ma’lum qildi.
O‘tkazilgan tekshiruv ishlari ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolar asosida amalga oshirilgan. Ushbu videolarda fuqaro Nil timsohini xonadonda ushlab turgani aks etgan. Keyinchalik vazirlikning Davlat ekologiya nazorati inspeksiyasi tezkor harakatga o‘tgan va ushbu manzilga reyd uyushtirgan.
Reyd davomida Nil timsohi xonadonda haqiqatan ham mavjudligi tasdiqlangan. Ma’lum qilinishicha, Vazirlar Mahkamasining "Yovvoyi hayvonlarni saqlash tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi 736-son qaroriga asosan, 2025 yil 1 yanvardan jismoniy shaxslar tomonidan (ro‘yxat asosida) yovvoyi hayvonlarni tutqunlikda saqlash hamda sirk tomoshalarida yovvoyi hayvonlardan foydalanish taqiqlangan.
Nil timsohi hozirda Toshkent hayvonot bog‘iga topshirilgan. Fuqaroga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 92prim 1-moddasi 1-qismiga asosan bayonnoma rasmiylashtirilgan.





