
Tarixiy natija: O‘zbekiston Eronni mag‘lub etib, CAFA-2025 kubogini qo‘lga kiritdi
08.09.2025 | 22:5313403
Bellashuvning hal qiluvchi goli 120-daqiqada Hojiakbar Alijonov tomonidan kiritildi.

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi ilk marta CAFA Nations Cup–2025 turniri g‘olibligini qo‘lga kiritdi. Finalda «oq bo‘rilar» Eron termasiga qarshi maydonga tushib, qo‘shimcha bo‘limlarda 1:0 hisobida zafar quchdi. Ikki yil o‘tkazilgan turnirda Eron milliy jamoasi xuddi shu hisobda g‘alaba qozongan edi
Bellashuvning hal qiluvchi goli 120-daqiqada Hojiakbar Alijonov tomonidan kiritildi. Kanotdan uzatilgan to‘pni u boshi bilan raqib darvozasiga yo‘llab, O‘zbekistonga tarixiy g‘alaba olib keldi.
O‘yin davomida o‘zbek termasi bir necha imkoniyatdan foydalanolmadi. Xususan, birinchi qo‘shimcha taymda Eldor Shomurodov penaltidan ishonchli gol urish imkoniyatini qo‘ldan boy berdi. Shunga qaramay, Temur Kapadze shogirdlari oxirgi daqiqalarda irodali o‘yin ko‘rsatib, tarixiy natijaga erishdi.
Ma’lumot uchun, bugungiga qadar O‘zbekiston va Eron terma jamoalari 16 marta maydonda to‘qnash kelgan. Ularda Eron 10 marta g‘alaba qozongan, 5 o‘yin durang yakunlangan, o‘zbek futbolchilari esa faqat bir marta – 2012 yilda Tehronda 1:0 hisobida zafar quchgan edi. Ya’ni, bu safargi g‘alaba Eron ustidan O‘zbekistonda qozonilgan ilk g‘alaba ham bo‘ldi.





