Logo

Tarixni yangi binoga ko‘chirish mumkinmi?

Bugun 20:384 daqiqa

Toshkent markazidagi Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi Yangi Toshkentga ko‘chirilmoqda. Muzey fondlaridagi 60 mingdan ortiq eksponat, jumladan, noyob qo‘lyozmalar va shaxsiy arxivlar boshqa joyga olib o‘tilmoqda. Bu jarayon ortidan tarixiy bino taqdiri, qo‘lyozmalarning xavfsizligi va ikki bosqichli ko‘chirish zarurati yuzasidan jamoatchilikda qator savollar paydo bo‘ldi.

Har kuni minglab odamlar Navoiy metro bekati yonidan o‘tadi. Kimdir ishga shoshadi, kimdir universitetga, yana kimdir sayr qiladi. Ammo ularning ko‘pchiligi yo‘l chetida turgan salobatli binoda O‘zbekiston adabiyotining eng katta xazinasi saqlanishini bilmaydi. Endi esa bu muzey o‘z manzilini tark etmoqda. Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi Yangi Toshkentda qurilayotgan yangi binoga ko‘chiriladi. Bu haqida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi rasman ma’lum qildi. Ammo bu xabar ortidan ko‘plab savollar paydo bo‘ldi. Eski tarixiy bino taqdiri nima bo‘ladi? Undagi bebaho qo‘lyozmalar qanday ko‘chiriladi? Dunyoning boshqa mamlakatlarida bunday jarayonlar qanday amalga oshiriladi? Va eng muhimi — bu shunchaki manzil almashishmi yoki tarixning bir bo‘lagi bilan xayrlashishmi?

Muzey fondlarida qanday xazinalar saqlanadi?

Avvalo, bu qanday muzey ekanini tushunib olaylik. Bu oddiy ekspozitsiya emas. Bu yerda yuzlab yillik qo‘lyozmalar, noyob toshbosma kitoblar, mashhur yozuvchilarning shaxsiy arxivlari, suratlari, maktublari, buyumlari saqlanadi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, muzey fondlarida 60 mingdan ortiq eksponat mavjud. Ularning orasida  XIV asrda ko‘chirilgan Mavlono Jaloliddin Rumiyning Masnaviyi ma’naviy qo‘lyozmasi, noma’lum muallifning G‘ayb ul-xitob asari, Alisher Navoiy asarlarining noyob nusxalari, yuzlab shoir va yozuvchilarning shaxsiy arxivlari bor. "Nodir qo‘lyozmalar va toshbosma nashrlar" fondida esa 840 dan ortiq qo‘lyozma va mingdan ziyod toshbosma kitob saqlanadi. Bu shunchaki kitoblar emas. Bularning aksariyati yagona nusxa yoki juda kam uchraydigan manbalardir.

Muzey binosining o‘zi ham tarix

Muzeyning o‘zi ham tarix. Bugungi bino 1939-yilda qurilgan. Dastlab u sovet ma’muriy binosi sifatida foydalanilgan. 1968-yilda Alisher Navoiy tavalludining 525 yilligi munosabati bilan bu yerda Davlat adabiyot muzeyi tashkil etildi. Muzeyga akademik Hamid Sulaymon asos soldi. Aynan uning tashabbusi bilan O‘zbekiston va xorijdan yuzlab noyob qo‘lyozmalar yig‘ildi. Mashhur rassomlar muzey uchun maxsus asarlar yaratdi. Bugungi kungacha saqlanib kelayotgan Chingiz Ahmarovning ulkan devoriy kompozitsiyalari ham ana shu davr mahsuli hisoblanadi. Muzey Xalqaro muzeylar kengashi — ICOM a’zosi sanaladi.

Ko‘chirish jarayoni qanday kechmoqda?

Бuгuн bu tarixiy maskan bo‘shab bormoqda. Fanlar akademiyasi ma’lumotiga ko‘ra, muzey fondlari vaqtinchalik Islom sivilizatsiyasi markazi hamda Antropologiya institutiga ko‘chirilyapti. Rasmiy izohga ko‘ra, buning maqsadi yangi bino foydalanishga topshirilgunga qadar eksponatlarni zamonaviy sharoitda saqlash, ularning xavfsizligini ta’minlash va keyinchalik to‘liq yangi muzeyga joylashtirishdir. Shuningdek, muzeyning o‘zi butunlay yopilgani yo‘q. Hozircha faqat ekspozitsiya qismi vaqtincha faoliyatini to‘xtatgan. Ilmiy bo‘limlar esa ishlashda davom etmoqda.

Jamoatchilikni qanday savollar qiynamoqda?

Yozuvchi Shukur Jabbor o‘zining Facebook sahifasida prezidentga murojaat e’lon qildi. Unda u muzeyning tarixiy binosini saqlab qolish, qo‘lyozmalar va arxivlarning taqdiri haqida aniq ma’lumot berishni so‘radi. Bu murojaat qisqa vaqt ichida keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Dunyo tajribasi nima deydi?

Aslida, bunday xavotirlar bejiz emas. Chunki dunyo tajribasi shuni ko‘rsatadiki, tarixiy qo‘lyozmalarni ko‘chirish eng murakkab muzey jarayonlaridan biri hisoblanadi. YUNESKO va Xalqaro muzeylar kengashi tavsiyalariga ko‘ra, qadimiy qo‘lyozmalarni tashishda harorat, namlik, yorug‘lik va silkinish qat’iy nazorat qilinadi. Ko‘pincha bitta qo‘lyozma maxsus kislotasiz qutilarga joylashtiriladi. Harorat odatda 18–22 daraja oralig‘ida, nisbiy namlik esa 45–55 foiz darajasida ushlab turiladi. Ba’zi eksponatlar esa maxsus amortizatsiyali konteynerlarda tashiladi. Sababi oddiy. Bir necha soniyalik kuchli silkinish ham yuzlab yillik qog‘ozga zarar yetkazishi mumkin.

Nega eksponatlar ikki marta ko‘chirilmoqda?

Bu yerda yana bir savol tug‘iladi. Agar yangi bino qurilayotgan bo‘lsa, nega eksponatlar avval vaqtinchalik boshqa joyga, keyin esa yana yangi binoga ko‘chirilmoqda? Axir har bir qo‘shimcha ko‘chirish xavfni oshirmaydimi? Mutaxassislar odatda imkon qadar eksponatlarni kamroq ko‘chirishni tavsiya qiladi. Shu bois ayrim faollar yangi bino tayyor bo‘lguncha binoning o‘zida vaqtinchalik mikroiqlim tizimi yaratilib, fondlarni bir martada ko‘chirish mumkin emasmi, degan savolni o‘rtaga tashlamoqda. Bu savolga hozircha rasmiy javob berilmagan.

Tarixiy bino taqdiri qanday bo‘ladi?

Yana bir masala bor. Tarixiy bino taqdiri. Fanlar akademiyasi yangi muzey qurilishi haqida ma’lumot berdi. Ammo Navoiy ko‘chasidagi mavjud bino keyinchalik qanday foydalanilishi yuzasidan hozircha rasmiy qaror e’lon qilingani yo‘q. Shu sababli aynan mana shu savol ham jamoatchilik orasida eng ko‘p muhokama qilinayotgan mavzulardan biri bo‘lib qolmoqda. Muzeyda bugun 42 nafar xodim ishlaydi. Ular uchun bu shunchaki ish joyi emas. Bu ilmiy markaz. Bu yerda qo‘lyozmalar o‘rganiladi, yangi tadqiqotlar qilinadi, kataloglar tuziladi. Demak, gap faqat devorlar haqida emas. Gap ilmiy maktab va milliy xotira haqida ketmoqda.

Xulosa: Tarixni ko‘chirish mumkinmi?

Tarixni yangi binoga ko‘chirish mumkin. Ammo tarixiy muhitni ham ko‘chirib bo‘ladimi? Mana shu savol bugun ko‘pchilikni o‘ylantirmoqda. Eng muhimi esa, bebaho qo‘lyozmalar, noyob eksponatlar va madaniy meros birorta ham zarar ko‘rmasdan yangi maskanga yetib borishi. Chunki bu boylik faqat bugungi avlodniki emas. Bu kelajak avlodlarga topshirilishi kerak bo‘lgan milliy xazina. Va bu jarayon qanchalik ochiq, shaffof va professional olib borilsa, jamoatchilikdagi savollar ham shunchalik kamayadi. Zero, gap oddiy muzey haqida emas, balki xalqning yozma xotirasi haqida ketmoqda.

 

Baxtiyor To‘xtayev, jurnalist

Operator va montajchi: Mirvohid Mirrahimov

Teglar

Baxtiyor To‘xtayev

Baxtiyor To‘xtayevMaqolalar soni: 30

Barchasi

Mavzuga oid